"Shifokorlardan aylanay"

Sarlavhani bekorga bunday qo‘ymadik. Payariq tumanidagi Chelak ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi "Katta turk" filiali va "Guliston" oilaviy shifokorlik punktida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rikka kelgan har bir kishidan ana shunday gaplarni eshitishingiz mumkin.

- Ko‘pchiligimiz «Sog‘lomman-ku, tibbiy ko‘rikning nima keragi bor?» deb aytishga o‘rganib qolganmiz, - deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Saidazim O‘tamurodov. - Agar kasallik sal xuruj qiladigan bo‘lsa, «o‘tib ketadi, o‘tib ketadi» deya o‘zimizni-o‘zimiz ovutgan bo‘lamiz. Lekin ayrim kasalliklar borki, insonni asta-sekin yiqitadi. Doktorga borishga majbur qiladi. Afsuski, o‘sha payti kasallikni davolash qiyin kechadi.

Mana, bugungi tibbiy ko‘rikka nazar soladigan bo‘lsangiz, odamlarimizning ancha tibbiy madaniyati oshgan. Ko‘rikka kelganlar shifokorlarimiz bilan ochiq-oydin muloqot qilyapti. Savollariga javob olyapti. Albatta, bunday natijalarga erishish davlatimizning tibbiy xizmatga jiddiy e’tibor berilayotganligining samarasi. Hozir xohlagan oilaviy shifokorlik punktiga boraylik, zarur shart-sharoit bor. Faqat bundan foydalanish kerak.

Tibbiy ko‘rikda 600 ga yaqin aholi ishtirok etdi. Shundan 178 nafarida turli xil kasalliklar aniqlandi. Aniqlangan kasalliklar bo‘yicha 110 nafari ambulator sharoitda davolanadigan bo‘ldi. 3 nafariga viloyat shifoxonalariga, 21 nafariga esa tuman tibbiyot birlashmasi bo‘limlariga yotib davolanish uchun yo‘llanmalar berildi.

Husniddin XOLDOROV.