Talabalik davri mehnat stajiga qo‘shilmaydimi?

- O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport institutiga kunduzgi yo‘nalishiga o‘qishga kirib, 2023 yilda bitirdim. 3-bosqich talabaligimda, ya’ni 2022 yilda maktabga ishga kirganman. 2024 yilning avgust oyida maktabdan ishdan bo‘shadim, lekin yangi ishga hujjat topshirganimda mehnat stajim talab qilingan 3 yilga yetmayotganligini aytishdi. Men institutda o‘qigan davrimni ish stajiga qo‘shimcha qilib ko‘rsata olmaymanmi?
- “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunning 37-moddacida ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan mehnat faoliyati turlari sanab o‘tilgan. Mazkur moddaning “ye” bandiga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalarida, aspiranturada, stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar institutida, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida, tayanch doktoranturada, doktoranturada va klinik ordinaturada kunduzgi o‘qish, shu jumladan, chet elda o‘qish umumiy ish staji kamida 7 yil bo‘lgan taqdirda ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.
Ya’ni, yoshga doir pensiya olish huquqiga (erkaklar uchun – 60, ayollar uchun - 55 yosh) qadar kamida 7 yil ish stajiga ega bo‘lsangiz, shundagina oliy ta’lim muassasalarida o‘qigan davringiz ish stajiga qo‘shib hisoblanadi va 4 yillik o‘qish davri 7 yillik ish stajiga qo‘shilib, 11 yillik ish staji mavjud deb hisoblanadi.
Demak, sizning oliy ta’lim muassasasida o‘qish davringiz faqatgina pensiyaga chiqishda hisobga olinadi, lekin ishga kirish vaqtida so‘raladigan mehnat stajida o‘qish davri hisoblanmaydi.
Alisher Primov,
viloyat adliya boshqarmasi notariat, advokatura va huquqiy xizmatlar shu’basi boshlig‘i.