Samarqandda qariyb 277,5 ming tonna don qabul qilish rejalashtirilgan
Ayni paytda Samarqand viloyatida 3 ta don korxonasi, 3 ta g‘allachilik klasteri hamda 4 ta urug‘chilik korxonalariga qarashli 21 ta don qabul qilish maskanlari faoliyat yuritmoqda. Ushbu maskanlar orqali joriy yil hosilidan 277 ming 498 tonna don qabul qilish rejalashtirilgan. Shundan, 137 ming 963 tonnasi davlat resursi uchun, 116 ming 535 tonnasi vaqtincha saqlash uchun hamda 23 ming tonnasi urug‘lik don sifatida ajratilishi belgilangan.
Bugun “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi mutaxassislari tomonidan mazkur maskanlarning mavsumga tayyorgarlik darajasi o‘rganilmoqda. O‘rganishlar davomida don qabul qilish punktlarining moddiy-texnik bazasi, ishlab chiqarish quvvatlari va sanitariya-gigiyena holatiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, elevatorlar, omborxonalar va ayvonlarning sig‘imi, asfalt maydonlarining ta’mir holati, laboratoriyalarning zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanganligi tekshirilyapti. Bulardan tashqari, xodimlarning me’yoriy hujjatlar bilan ta’minlanganligi, o‘lchov vositalari va tahlilxona jihozlarining qiyoslovdan o‘tkazilganligi, elektron tarozilarning davlat ko‘rigidan o‘tganligi nazoratdan o‘tkazilmoqda.
Ortish-tushirish vositalarining sozligi, yong‘inga qarshi vositalar, suv havzalari va brezentlarning mavjudligi, ishchi-xodimlar uchun yaratilgan madaniy-maishiy sharoitlar kompleks tarzda baholanmoqda.
Don qabul qilish maskanlari bo‘yicha tegishli xulosalar berish ishlari olib borilib, mavsum davomida ushbu ob’yektlarda doimiy monitoring va nazorat ishlari davom ettiriladi.
Bunday tizimli va puxta yondashuv g‘alla hosilini sifatli qabul qilish, yo‘qotishlarsiz saqlash hamda davlat zaxiralarini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.
X.SAIDAHMEDOV,
“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi nazorat qilish bo‘limi bosh mutaxassisi.