Turizm sohasining yetuk vakillariga diplom topshirildi

"Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetida bitiruvchilarga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitet rahbariyati, yirik ish beruvchi tashkilotlar vakillari, bakalavriat va magistratura ta’lim bosqichlarini muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Joriy yilda universitetni kunduzgi ta’lim yo‘nalishlarida 120 nafar, sirtqi ta’lim yo‘nalishlarida 145 nafar hamda magistratura bosqichida 185 nafar talaba tamomladi. Shu bilan birga, 16 davlatdan kelgan 66 nafar xorijiy talaba ham diplomga ega bo‘ldi.
Tadbirda niversitet rektori Aziz Abduhakimov so‘nggi o‘quv yilida universitet tomonidan erishilgan yutuqlar, xalqaro hamkorlikdagi loyihalar va bitiruvchilarning yurt taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi haqida gapirdi. Bugun mamlakatimizning turizm va madaniy meros sohalarida aynan ushbu universitet bitiruvchilari fidokorona mehnat qilib, jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘shayotgani e’tirof etildi.
Quvonarlisi, iste’dodli bitiruvchilardan Sabina Mustafaqulova va Albina Xoliyeva dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatidan o‘rin olgan Buyuk Britaniyaning Glazgo universitetining magistratura bosqichiga qabul qilindi. Shuningdek, yana to‘rt nafar bitiruvchi Xitoydagi mashhur Pekin xalqaro tadqiqotlar universitetida o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Marosim yakunida barcha bitiruvchilarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi.