1 sentyabrdan telekanallarimiz soni yana bittaga oshadi

2019 yil 11 iyul kuni Prezidentimizning  “O‘zbekiston tarixi” telekanalini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi , O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Fanlar akademiyasi, Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining 2019 yil 1 sentyabrdan “O‘zbekiston tarixi” telekanalini tashkil etish to‘g‘risidagi respublikaning keng jamoatchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan taklifi ma’qullandi.

Ming yillar qa’riga ildiz otgan O‘zbekistonning ko‘hna va boy tarixi, xalqimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan g‘oyat katta ilmiy, madaniy va ma’naviy hissasi haqida mamlakatimiz aholisini, shuningdek, chet el jamoatchiligini keng ko‘lamda xabardor qilish, buyuk tariximizning barcha davrlarini chuqur ilmiy tadqiqotlarning xolisona natijalari asosida ko‘rsatib beruvchi axborot-tahliliy va mavzuli teleko‘rsatuvlar, tok-shou, “davra suhbatlari”ni yuqori professional va g‘oyaviy-badiiy saviyada tayyorlashni tashkillashtirish, buyuk vatandoshlarimiz – olimlar, mutafakkirlar va aziz-avliyolar, shoir va yozuvchilar, sarkardalar, davlat arboblarining bebaho merosini keng ko‘lamda o‘rganish va ommalashtirish maqsadida ularning hayot yo‘li va qahramonligi to‘g‘risida, shuningdek, dunyo ahamiyatiga ega bo‘lgan O‘zbekiston eng yangi tarixining g‘oyat yorqin va unutilmas sahifalari haqida hikoya qiluvchi ilmiy-ommabop dasturlar va hujjatli filmlar turkumlarini yaratish, doimiy ishlab turuvchi televizion studiya – “munozara maydonchasi” faoliyatini ta’minlash, O‘zbekiston tarixi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar natijalarini, madaniy va ko‘hna yodgorliklarni saqlash bilan bog‘liq muammolarni, shuningdek, xalqimiz tarixiga taalluqli va umummilliy ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa g‘oyat muhim masalalarni ochiq muhokama qilish uchun olimlar, tarixchilar, tadqiqotchilar, o‘quvchi-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillarini taklif qilish, chet ellarga ijodiy safarlar davomida xalqimizning moddiy va nomoddiy merosi, O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq bo‘lgan nodir qo‘lyozmalar, kitoblarni izlash, amaliy san’at buyumlari hamda muzeylar kolleksiyalarida, xorijiy davlatlarning ilmiy markazlarida, shuningdek, jahon tarixiy merosini o‘rganayotgan jamg‘armalarda saqlanayotganqimmatli topilmalarni o‘rganish natijalari bo‘yicha maxsus teleko‘rsatuvlar tayyorlash “O‘zbekiston tarixi” telekanali faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari  sifatida belgilandi.