«O‘zbekkino» va O‘zbekiston telekanallari “Uy kinoteatri” aksiyasi doirasida hamkorlik qiladi
Navro‘z bayrami kunlari o‘zbekistonliklar 30 ta yangi kino premerasi bilan tanishadilar.
“O‘zbekkino” Milliy agentligi televizion efir vaqtini to‘ldirish uchun davlat va nodavlat telekanallarga kinofonddan 750 birlikdagi materiallarni taqdim etadi. Aksiyaning birinchi bosqichi 250 dan ortiq kinomateriallar - hujjatli va badiiy filmlar (2015-2018 yillar), multfilmlar (2010-2018 yillar), qisqa metrajli filmlar hamda bolalarning sevimli “Zumrasha” kinojurnalining yangi sonlarini (2016-2018) o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, «O‘zbekkino» telekanallarga taqdimoti yaqin, ikki hafta ichida o‘tkazilishi mo‘ljallangan 30 ta yangi filmni taqdim etadi. Ular orasida “Qo‘qon shamoli”, “Avloniy” , “1 avgust” va boshqalar bor.
- Maqsadimiz mamlakatimiz aholisi, ayniqsa, karantin tadbirlari davomida uyda o‘tirgan bolalar va kattalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishdan iborat, - deydi “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov. – Davlat va nodavlat telekanallar taklifimizni qo‘llab-quvvatlaganidan minnatdormiz. Aminmanki, bunday aksiyani birgalikda o‘tkazish, uyda o‘tirganlarning mazmunli dam olishini ta’minlash barobarida, milliy kinomahsulotlarimizga bo‘lgan e’tiborni oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Hukumatining koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar haqidagi tavsiyalaridan kelib chiqib, mamlakat miqyosida ommaviy ko‘ngilochar tomoshalar, jumladan, kinoteatrlar faoliyati ham to‘xtatilgan.
Shu bilan birga karantin kunlari o‘quv muassasalari yopilgan, bayram tadbirlari bekor qilingan.