1-sinf o‘quvchilari an’anaviy yoki masofaviy shaklini tanlaganidan qat’i nazar, ularga “Prezident sovg‘asi” beriladi
Joriy yilda ham odatdagidek 1-sinf o‘quvchilari uchun “Prezident sovg‘asi” topshiriladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi O‘zAga ma’lum qildi.
Maxsus komissiya qaroriga binoan, pandemiya sharoitini hisobga olib, maktablarda yangi o‘quv yilining birinchi kuni 14 sentyabr etib belgilandi. Maktablarda ayni shu kuni 650 mingga yaqin o‘quvchiga “Prezident sovg‘asi” topshirilishi rejalashtirilgan.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinf o‘quvchilariga “Prezident sovg‘asi” 14 sentyabr kuni topshiriladi. “Prezident sovg‘asi” 12 turdagi o‘quv qurollari, jumladan portfel, daftarlar, rasm daftari, akvarel bo‘yoqlari, rangli qog‘oz, qalamdon, sharikli ruchka, rangli va oddiy qalamlar, plastilin, yelim va o‘chirg‘ichdan iborat.
Shuningdek, vazirlikning O‘zAga ma’lum qilishicha, “Prezident sovg‘asi” o‘qishning an’anaviy yoki masofaviy shaklini tanlaganidan qat’i nazar, barcha o‘quvchilarga beriladi. Bunda “Prezident sovg‘asi” masofaviy o‘qishni tanlagan 1-sinf o‘quvchilarining ota-onalariga topshiriladi.