Samarqandda “INFOLIB UZBEKISTAN – 2025” haftaligi boshlandi

Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida “INFOLIB UZBEKISTAN – 2025” XIV Milliy axborot-kutubxona haftaligining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov ishtirok etib, kitob mutolaasi va kutubxona sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va yangiliklar haqida fikr bildirdi.

Haftalik doirasida axborot-kutubxona faoliyatiga oid ilg‘or tajribalar almashinuvi, zamonaviy kutubxona texnologiyalariga bag‘ishlangan seminarlar, yosh mutaxassislar ishtirokidagi ijodiy uchrashuvlar hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

“INFOLIB UZBEKISTAN – 2025” haftaligi nafaqat kutubxonachilar uchun, balki kitobsevarlar, yoshlar va ijod ahli uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Bu tadbirlar orqali jamiyatda kitobga muhabbat, ma’rifatga intilish va ilmiy salohiyatni oshirish yo‘lida muhim qadamlar qo‘yilmoqda.