“101 reys” hayotiy voqeaga asoslangan film

Film 2001 yil 11 sentyabr kuni Nyu-Yorkda amalga oshirilgan terroristik hujumlardan so‘ng O‘zbekiston aviakompaniyasiga tegishli “Boing-757” samolyoti 101-reys ekipaji ko‘rsatgan qahramonlik haqida hikoya qiladi.

E’tiborlisi, ushbu film 6 iyundan Samarqand shahridagi “Sharq yulduzi” kinoteatrida namoyish etilmoqda.

- Bu film keyingi yillarda o‘zbek kinosiga bo‘lgan e’tiborning mevasi, - deydi kinometografiya agentligi viloyat bo‘limi rahbari Farmon Roziqov. –  Hayotiy voqealarga asoslangan, syujeti o‘tkir, aktyorlar ijrosi o‘ziga xos. Film tomoshabinlarda yaxshi taassurot qoldiryapti.

11 sentyabr voqealari haqida gapirgan kishining eti junjikishi tayin. Endi ushbu hodisaning markazida, samoda bo‘lish va ikki yuzga yaqin insonning hayoti, javobgarligi sening bo‘yningda bo‘lsa-chi?

Terakt oqibatida AQSh havo yo‘llari mamlakatga kirib keluvchi har qanday samolyot uchun tezda yopilgan va o‘sha sanada Nyu-Yorkka qo‘nishi kerak bo‘lgan 101-reys layneri ikki tomonidan qiruvchi samolyotlar bilan o‘rab olingan. Shundan so‘ng ekipaj yo‘nalishini Kanada tomon o‘zgartirishga buyruq olgan. Yo‘nalish o‘zgartirilmasa, qiruvchi samolyotlar bilan urib tushirilishi mumkin edi. Bortida 180 nafar yo‘lovchi va 13 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan ushbu reys Shimoliy Amerika havo hududida murakkab vaziyatga duch kelgan: samolyot yonilg‘i yetmasligi sabab eng yaqin aeroportga ham yetib bora olmasligi ma’lum bo‘ladi va 101-reys kapitani Zarif Saidazimov barcha mas’uliyat va javobgarlikni o‘z zimmasiga olib, tavakkal qiladi.

Voqealar rivoji qanday tus olganini filmni tomosha qilish orqali bilib olish mumkin.

- Hayotiy voqealar asosida olingan filmlarga qiziqaman, - deydi  Samarqand iqtisodiyot va servis instituti talabasi Mehriddin Muhiddinov. - Bunday voqealarni avvallari faqat “Gollivud” filmlarida ko‘rardim. Ammo bu filmdagi voqealar anchayin tabiiy chiqqan.

O‘zbekiston Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Yoshlik” kinostudiyasida suratga olingan. Ushbu film ustida 4 yildan ortiq vaqt mobaynida 700 nafardan ziyod mutaxassis ish olib borgan.

Postanovkachi rejissyor Akrom Shohnazarov, bosh prodyusser Ravshan Norboyev, badiiy rahbar Erkin A’zam. Bosh rollarda Hoshim Arslonov, Umid Iskandarov, Oleg Galaxov, Lola Eltoyeva, Farhod Abdullayev, Muqaddas Xoliqova, Nigina Anarboyeva ishtirok etgan.