11 oyda 184 kishi ovqatdan zaharlangan va 4 nafari hayotdan ko‘z yumgan

Bu haqda Urgut tumanida o‘tkazilgan ommaviy ovqatdan zaharlanish va favqulodda vaziyatlarda tibbiy epidemiologik tadbirlarni tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan seminarda ma’lum qilindi.

Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi boshlig‘i Mahzuna Nasriddinovaga ko‘ra, viloyatda ovqatdan zaharlanish holatlari bo‘yicha epidemiologik vaziyat yildan-yilga og‘irlashib bormoqda. Jumladan, 2021 yilda viloyatda qayd etilgan 15 ta ovqatdan zaharlanish holatida 145 kishi, 2022 yilda 11 ta zaharlanish xolatida 131 kishi jabrlangan bo‘lsa, joriy yilning 11 oyi davomida 15 holatda ovqatdan zaharlanish holati qayd etilgan bo‘lib 184 kishi  jabrlangan va 4 nafari vafot etgan. 

Bemorlarning 135 nafaridan laboratoriya tahlili olinganda 309 ta biomateriallardan 53 tasida stafilakokk, 39 tasida protey mikroblari, 3 tasidada botulizm qo‘zg‘atuvchilari, bittasida klepsella mikroblari aniqlangan.

So‘nggi uch yilda uy sharoitida tayyorlangan qo‘lbola konservalardan hamda umumiy ovqatlanish korxonalarida, to‘yxonalarda tayyorlangan taomlardan zaharlanish holatlari Samarqand shahri, Qo‘shrabot, Bulung‘ur, Urgut, Payariq va Past Darg‘om tumanlarida nisbatan ko‘p qayd etilgan. Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida Samarqand shahrida bir holatda 49 nafar, Kattaqo‘rg‘on shahrida bir holatda 5 nafar, Payariq tumanida ikki holatda 6 nafar, Past Darg‘om tumanida ikki holatda 10 nafar, Urgut tumanida ikki holatda 68 nafar, Qo‘shrabot tumanida to‘rt holatda 32 nafar (shundan 4 nafari o‘lgan), Bulung‘ur tumanida bir holatda 7 nafar, Ishtixon tumanida ikki holatda 7 nafar fuqaro jabrlangan. 


Seminarda viloyat karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi xodimlari tomonidan iste’molga yaroqsiz go‘sht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari viloyat hududiga olib kirilishining oldi olingani va sanitariya qoidalarini buzgan shaxslarga tegishli tartibda chora ko‘rilgani ta’kidlandi.

- Bozorlarda jamoat tartibini saqlash, tozalikni ta’minlash, sanitariya va veterinariya koidalariga rioya etilishini nazorat qilish yuzasidan olib borilgan tadbirlar natijasida veterinariya-sanitariya koidalari va normalarini buzgan 154 nafar shaxsga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jarimaga tortildi, - deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi karantin guruhi komandiri Jaxpar Ivoyev. -  Shuningdek, viloyat hududiga olib kirilayotgan 8669 kilogramm sifatsiz, iste’molga yaroqsiz go‘sht va go‘sht mahsulotlari, 252 litr sut va sut mahsulotlari, 618 dona tuxum, 116 kilogramm baliq mahsulotlari hujjatlashtirilib olinib, tegishli tartibda yo‘q qilingan. 

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.