150 dollarlik mahorat saboqlarini bepul o‘tayotgan ayol

Xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan aksariyat tadbirkorlarning ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalari bor va follower, ya’ni kuzatuvchilarining izoh va baholari orqali ularning reytingi oshadi yo pasayadi.

Shuning uchun ijtimoiy tarmoqda o‘z faoliyatini muntazam yoritib borish haqiqiy raqobatni keltirib chiqaradi hamda o‘ziga ishongan xizmat ko‘rsatish sohasi vakillarigina unda o‘z sahifasiga ega bo‘lishga jazm etadi.

Yaqinda samarqandlik shunday tadbirkor kuzatuvchilari bilan onlayn emas, yuzma-yuz uchrashib, mahorat mashg‘uloti o‘tdi. Ushbu uchrashuvda ishtirok etarkanmiz, hayratlanarli jihatlar ko‘p bo‘ldi. Avvalo, mahorat darsiga 200 ga yaqin odamning yig‘ilgani bo‘lsa, ular orasida Farg‘onadan, Buxoro, Qashqadaryogacha, respublikamizning qariyb barcha viloyatlaridan ishtirokchilarning borligi edi.

Tadbirkor bu kabi mahorat mashg‘ulotlarini har yili bir marotaba bepul o‘tkazib turar va bunday darslarining bugungi “bozor” narxi 150 AQSh dollari atrofida emish. Qizg‘in mahorat saboqlari jarayonida ishtirokchilarni savolga tutish oson bo‘lmadi.

Tanaffus paytda ularning ba’zilari bilan gaplashib oldik.

- Qo‘shrabot tumanidan kelganman, bir necha yildan beri shu sohada faoliyat yuritamiz, - deydi Husniya Mamarasulova. – Zarmitan mahallasida joylashgan go‘zallik salonimizda xotin-qizlarga xizmat ko‘rsatamiz. Hech kimga og‘irligim tushmaydi, yaqinda opamga ham kasbimni o‘rgatdim. Bir oy davomida kamida 10-15 million so‘m mablag‘ topamiz. Bugun mahorat mashg‘ulotlarini o‘tayotgan Hanifa Salomovaning ishlarini instagram orqali muntazam kuzatib boramiz va ulardan onlayn tarzda ham juda ko‘p yangiliklarni o‘rganamiz. Opaning ishlari bizga masofadan turib malaka oshirishday bo‘ladi. Har yili mana shunday jonli mashg‘ulot o‘tashlarini kutib yuramiz, to‘g‘risi. Chunki bu darslarda u kishi hech narsani yashirmaydi, sohaning eng mayda sir-asrorlarigacha o‘rgatadi. Ko‘pchilik bunday qilmaydi.

- Jizzaxning Zafarobod tumanidan kelganman, o‘n yildan beri salonda ishlayman, - deydi Umida Bobomurodova. – Bugun mijozlar kundan-kun yangicha turmak va yuz bo‘yanishlarini talab qiladi. Yoki internet orqali kuzatib borayotgan salonlardagi kabi yangicha soch bo‘yashni so‘rashadi. Bu xizmatlar esa biz uchun yangilik bo‘lib, uni o‘rganishga qo‘shimcha pul sarflashimiz lozim. Yaxshi bilasiz, tumanlarda go‘zallik salonidagi xizmat haqlari shahar markazidagi kabi qimmat emas. Shuning uchun har safar sohadagi yangiliklarni o‘rganish uchun bir necha million so‘m mablag‘ sarflay olmaymiz. Hanifa opaning mahorat saboqlari biz uchun ayni muddao bo‘ladi. Bir kun davomida hamkasblar bilan gaplashib, tajriba almashib ketamiz.

Bepul mahorat mashg‘uloti bilan birga uzoqdan kelgan kuzatuvchilariga samarqandcha mehmondo‘stlik ko‘rsatib, tushlik ham tashkil qilgan tadbirkor bilan shu payt oralig‘ida suhbatlashib oldik.

-30 yildan beri shu sohada faoliyat yuritaman, - deydi tadbirkor Hanifa Salomova. – 17 yildan beri o‘zim alohida salon yuritaman, 20 ga yaqin xizmat turlarini ko‘rsatamiz. Har yili 30-35 nafar shogird chiqarsam, ularning kamida besh nafariga, ya’ni ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga kasbimni bepul o‘rgataman. Ayol kishining hunarli bo‘lishi hayotda doim unga tirgak bo‘lgan. Yuzlab shogirdlarim bugun o‘z saloniga ega. Savob umidida bir necha yildan beri xotin-qizlarga bepul mahorat darslari o‘tib kelaman. Shu hunari orqali ro‘zg‘orini tebratib, farzandlarini yolg‘iz ulg‘aytirayotgan ayollarni ko‘rib, bu qilayotgan ishimni doimiy tadbirga aylantirdim.

Bugun bu hunarni o‘rganish uchun xotin-qizlar 7-8 million so‘m atrofida mablag‘ sarflashadi.

Instagramda 130 mingga yaqin kuzatuvchisi bor tadbirkor ayol odamlarga baliq emas, qarmoq tarqatayotganday tuyuldi menga.

Gulruh Komilova.