1,6 milliard so‘mlik tamaki mahsulotlarining soxta tranziti fosh bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi va «Toshkent-AERO» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi tezkor xodimlari tomonidan DXX chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda tamaki mahsulotlarining soxta tranzitiga chek qo‘yilgan.

«Avia yuklar» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga xorijdan keltirilgan va respublikamizdan tranzit tarzida qo‘shni davlatga olib chiqib ketilishi belgilangan 2 turdagi 110 ming 776 quti sigaret, shu jumladan chilim uchun tamaki mahsulotlari «Jartepa» chegara-bojxona postiga yo‘naltiriladi.

Ammo, «Jartepa» chegara bojxona postiga yetib kelgan yuk avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganida, uning yukxonasi bo‘sh ekanligi ma’lum bo‘lgan.

Tezkor tadbir davomida yuk mashinasiga ortilgan tamaki mahsulotlari Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanidagi xonadonlardan biriga tushirib qoldirilgani fosh qilindi. Shuningdek, xonadondagi «Kobalt» avtomashinasi yukxonasida ham 3680 quti chilim uchun tamaki mahsulotlari borligi aniqlangan.

Bojxona qo‘mitasi xabariga ko‘ra, mazkur holatda jami qiymati 1 milliard 620 million 828 ming so‘mlik 114 ming 446 quti tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan. Natijada, davlat byudjetiga yetkazilishi muqarrar bo‘lgan 1 milliard 581 million 786 ming so‘mlik zarar ham o‘z vaqtida bartaraf etildi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.