Katta miqdorda aksiz markalanmagan tamaki mahsuloti ushlab qolindi

Viloyat bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari aksiz markalanmagan tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanishini oldini olish maqsadida Samarqand shahrida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Tadbirda Lokator ko‘chasida to‘xtab turgan, fuqaro A.I. boshqaruvidagi “Spark” avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilgan. Unda avtomobil saloni ichidan og‘zaki so‘rovlarda ma’lum qilinmagan, karton qutilarga joylashtirilgan tamaki mahsulotlari borligi aniqlanadi.

Shundan so‘ng, “Spark” mashinasi xolislar ishtirokida to‘liq ko‘zdan kechirilganda, hech qanday hujjatlari bo‘lmagan, xorijda ishlab chiqarilgan va aksiz markalanmagan, taxminiy qiymati 160 million so‘mdan ziyod, 3 turdagi jami 6 998 quti tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi.

Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.