17 yil oldin qishlog‘idan “Shoir bo‘laman”, deb chiqqan yigit niyatiga yetdi

Urgutning So‘fiqishlog‘idan 17 yil avval o‘qish, izlanish va albatta, shoir bo‘lish istagida shaharga otlangan yigit o‘tgan shuncha vaqt davomida shoir bo‘lib elga tanilolmadi. Ammo qisqa muddatda u mohir jurnalist sifatida nafaqat Samarqand viloyatida, balki  respublikamizda ko‘pchilikning e’tiboriga tushdi.

Ijodkorning birinchi kitobi “Yigitning ori bo‘lsin!”, deb nomlangan bo‘lib, undan eng sara publitsistik maqolalari o‘rin olgandi.

Ha, gap iste’dodli ijodkor Isomiddin Po‘latov haqida bormoqda. U bilan birinchi ko‘rishganimizdanoq qadrdon bo‘lib qolganmiz. Yelkadoshim, sirdoshim, inim Isomiddin ko‘ngil kishisi ekanligi va kelajakda mashhur shoir bo‘lishiga o‘sha birinchi uchrashuvdayoq umid qilgan edim. 

U publitsistikada ijod qilish bilan birga she’r yozishni ham kanda qilmadi, biroq nazmiy asarlarini kitob qilishga shoshilmasdi. Yozdi, izlandi, qayta ishladi. 

O‘tgan 2020 yilni ko‘pchilik eslashniyam istamaydi. Sababi, og‘ir, sinovli yil bo‘ldi. Ammo sabrli bo‘lib, shukronalik hissi bilan kelajak sari intilganlarga unutilmas yil bo‘ldi. Jumladan, Isomiddin uchun ham.

Inim aynan 2020 yilda bir qancha qiyinchiliklarni yengib, bir talay muvaffaqiyatlarga erishdi.

Isomiddinni yaqindan bilganim uchun ham aksariyat she’rlarining yozilish tarixi menga ma’lum. U ota-onasiga mehrli farzand, og‘asiga qadrdon ini, ukasiga oqibatli aka, turmush o‘rtog‘iga sadoqatli yor, ustozlarining mas’uliyatli shogirdi, shuningdek, qattiqqo‘l rahbar, yaxshigina tanqidchi, haqiqat yo‘lida kurashuvchi...

Uning fazilatlarini, ko‘ngil kechinmalarini sanab adog‘iga yetmayman. Yaxshisi, Isomiddin Po‘latovning o‘tgan yil so‘nggida nashrdan chiqqan ilk she’riy to‘plami - “Sukunatdan so‘ng” kitobini qo‘lingizga olib mutolaa qiling! So‘zlarimga amin bo‘lasiz.

Isomiddin “Kim?” degan she’rida “Yuragimni yirtib, tashlab yuboraman eski qutiga”, deydi. Va shu she’rning so‘nggida bir savolni o‘rtaga tashlagan: “Dunyoni to‘tilardan kim qutqarar, kim?” 

17 yil oldin qishlog‘idan “Shoir bo‘laman”, deb chiqqan yigit 2020 yilda niyatiga yetdi, desam ishonavering. Bunga yana bir sabab u, aynan o‘tgan yilning so‘nggi kunlarida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi bo‘ldi. 

To‘lqin Siddiq.