Bitta tuman, bitta shahar hokimi o‘rinbosari ishdan olindi, 19 nafar hokim o‘rinbosariga hayfsan berildi

Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov rahbarligida videokonferensiya tarzida mamlakatning investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatining joriy ko‘rsatkichlari hamda ularni oshirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda joriy yilning birinchi 5 oyi yakunlari bo‘yicha o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichlardan 42 foizga oshgani ma’lum qilindi. Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlil ayrim tarmoq va hududlarda investitsiya loyihalarini hayotga joriy etish bilan bog‘liq bir qator muammolar mavjudligini ko‘rsatdi. Amalga oshirilayotgan loyihalarni inventarizatsiya qilish, yuzaga kelayotgan masalalarni o‘z vaqtida hal etish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda mas’ul ijrochilarni belgilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Xuddi shu tartibda, tashqi savdo ko‘rsatkichlari ham ko‘rib chiqildi. Joriy yilning 1 iyun holatiga ko‘ra, respublika eksportining hajmi o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichlardan 21 foizga oshdi. Tarmoqlar va hududlar kesimida eksport qilishning hozirgi holati muhokama qilinib, mahalliy tadbirkorlarning eksport faoliyati bilan bog‘liq yuzaga kelayotgan muammolarga mutasaddi vazirliklar, idoralar va hokimliklarning tezkor javob berishi ustidan nazoratni kuchaytirish hamda eksportchilarning faoliyatida va eksportga yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda samarali qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutgan holda ular bilan ishlarni faollashtirish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha eksportchi va investorlarni qo‘llab-quvvatlashda yo‘l qo‘yilgan qoloqlik va kamchiliklar uchun intizomiy choralar ko‘rildi. Xususan, Bo‘zatov tumani va Zarafshon shahri hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘z lavozimlaridan ozod etildi.

Investitsiya loyihalari tashabbuskorlarini o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlamagani natijasida 32 ta investitsiya loyihasi muddatida ishga tushirilmaganligi hamda 395 ta yangi ish o‘rinlari kechiktirib yaratilganligi uchun 19 nafar hokim o‘rinbosariga hayfsan e’lon qilindi.

Bundan tashqari, Shumanay, Chortoq va Konimex tumanlari hokimlarining investitsiyalar va tashqi savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlariga ishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tuzatish uchun 3 oylik sinov muddati belgilandi.

Qo‘yilgan vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish yuzasidan qo‘shimcha ko‘rsatmalar berildi. Mas’ul rahbarlar eksportyor va investorlarni o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarining samaradorligi uchun shaxsan javobgar ekanligi to‘g‘risida ogohlantirildi.