2022 yilgi investitsiya dasturi: “Shaffof qurilish” tizimi sohani isloh qilishdagi mukammal yechimmi?

Joriy yilda viloyatimizda 151 ta ob’yektda qurilish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash ishlari bajariladi. Umumiy qiymati 1 trillion 206 milliard 462,1 million so‘mlik ob’yektlar qurilishi uchun 11 buyurtmachi tashkilot belgilandi.

Bu haqda viloyat Matbuot uyida viloyat qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2022 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturining dastlabki chorakdagi ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Ma’lumotda keltirilishicha, viloyat bo‘yicha dasturga kiritilgan yangidan boshlanuvchi 120 ta ob’yektdan 104 tasining loyiha-smeta hujjatlari tayyorlangan, 16 tasiga (7 ta qirg‘oqbo‘yini mustahkamlash, 4 ta o‘rmon xo‘jaligi, 1 ta issiqlik ta’minoti, 4 ta irrigatsiya ob’yektlari) loyiha ishlab chiqilmoqda. 82 ta ob’yektga ijobiy ekspertiza xulosalari berilgan bo‘lsa, 91 tasi tender savdolarini o‘tkazish uchun e’longa joylashtirilgan. 

-  Qurilishlarda shaharsozlik talablari va qurilish me’yorlarini bajarilishi hamda sifat darajasini ta’minlash bo‘yicha viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi inspektorlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida ishlash uchun lozim darajadagi planshetlar bilan ta’minlangan, - deydi viloyat bosh arxitektori vazifasini bajaruvchi Sayfiddin Narziqulov. - Qurilish ob’yektlarida inspeksiya tomonidan monitoring jarayonlari ushbu tizim doirasida onlayn rejimida amalga oshirilmoqda. Bu esa o‘z navbatida tekshirishlar jarayonlarining shaffofligini ta’minlashga hamda tizimda korrupsiya holatlarini oldini olishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish yuzasidan Prezidentimizning 2021 yil 10 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi hamda boshqa davlat dasturlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabi hamda hududiy va tuman, shahar shtablari tashkil etildi. Sohaga aloqador bo‘lgan barcha tashkilot va muassasalardan mas’ullar biriktirilib, prokuratura organlarining nazoratida shtablarning doimiy faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Shtab a’zolari tomonidan ob’yektlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari va kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda. Har chorak yakuni bo‘yicha ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali tegishli soha mas’ullari tomonidan - Davlat dasturlari doirasida ajratilgan mablag‘lar hajmi va natijadorligi, loyihalarning amalga oshirilishi holati yuzasidan aholi xabardor qilib borilmoqda.

Bundan tashqari, ushbu dasturlar ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar natijasi Qurilish vazirligi tomonidan har hafta videoselektor tarzida o‘tkaziladigan yig‘ilishda doimiy ravishda muhokama qilinib borilmoqda.  

Tadbirda sohada korrupsiya holatlarining oldini olish borasidagi ishlar bo‘yicha ham ma’lumotlar berildi.