2 martda O‘zbekiston BMTga a’zo bo‘ldi
BMT — xalqaro tashkilot. U yer yuzida tinchlikni mustahkamlash va xavfsizlikni ta’minlash, davlatlarning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan.
1992 yil 2 martda O‘zbekiston BMTga a’zo bo‘lgan.
BMT Ustaviga dastlab 51 davlat imzo chekkan. 2000 yilda esa ularning soni 189 taga yetdi.
BMTning doimiy ish o‘rni (shtab kvartirasi) — Nyu-York shahri. Bosh kotib - Antoniu Guterrish. U 2016 yil 13 oktyabrda ovoz berishlarsiz BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ma’qullanib, 2017 yil 1 yanvardan buyon ishlab kelmoqda.
BMT xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, xalqlarning teng huquqli bo‘lishi va o‘z taqdirini o‘zi belgilashi qoidasiga amal qilib, millatlar o‘rtasida do‘stlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarni hal etishda xalqlar o‘rtasida hamkorlik bo‘lishini ta’minlashni ko‘zda tutib, shu umumiy maqsadlarga erishishda millatlar harakatini uyg‘unlashtirib turadigan markaz sanaladi.
BMT sessiyasi yilda bir marta chaqiriladi. Xavfsizlik Kengashining yoki BMT a’zolari ko‘pchiligining talabi bilan har qanday masala yuzasidan maxsus sessiyalar chaqirilishi mumkin.