BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘ycha hadli konvensiyasi: u a’zo davlatlarga qanday majburiyat yuklaydi?

Xabaringiz bor, Prezident Shavkat Mirziyoyev 11-13 noyabr kunlari Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi doirasidagi iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish bo‘yicha Jahon sammitida ishtirok etmoqda.

Konferensiyada, shuningdek, 200 ga yaqin mamlakatdan davlat, hukumat rahbarlari va vazirlar darajasidagi delegatsiyalar, xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ekspert, ilmiy va jamoat doiralari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Tadbir 1992 yilda qabul qilingan va dunyoning deyarli barcha davlatlarini qamrab olgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konvensiyasi (COP-29) ishtirokchilarining 29-konferensiyasi doirasida tashkil etilmoqda. Kioto protokoli va Parij kelishuvi ushbu Konvensiya asoslari va rivojlanishi bo‘yicha qabul qilingan hujjatlardir.

O‘zbekiston 1993 yil 20 iyunda BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasiga qo‘shilgan, 1999 yilda Kioto protokolini ratifikatsiya qilgan. 2017 yilda Parij bitimini imzolash orqali O‘zbekiston bir qator majburiyatlarni, jumladan, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot birligiga issiqxona gazlari emissiyasini 2010 yilgi darajadan 35 foizga kamaytirish bo‘yicha asosiy majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi.

BMT hadli konvensiyasining ishtirokchisi sifatida O‘zbekiston iqlim bo‘yicha muntazam hisobotlarni tayyorlaydi va Konvensiya kotibiyatiga taqdim etadi. Shuningdek, milliy ma’ruza, ikki yillik hisobotlar, moslashish rejalari, milliy miqyosda belgilangan badallarni ishlab chiqadi va yangilaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 1 dekabr kuni Dubayda bo‘lib o‘tgan COP-28 oliy darajadagi Segmentida so‘zlagan nutqida iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha mamlakatning pozitsiyasi, dekarbonizatsiya, iqlim o‘zgarishiga moslashish, Orol dengiz ekotizimini saqlash va tiklash bo‘yicha hamkorlik bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va Markaziy Osiyo ekotizimlarini himoya qilishga qaratilgan xalqaro ekologik tashabbuslarda faol ishtirok etmoqda. Asosiy vazifalardan biri jiddiy zarar yetgan Orol dengizini ekotizimini tiklashdir. O‘zbekiston BMTning  Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha o‘p tomonlama sheriklik asosidagi Trast fondini  tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi, uning maqsadi ushbu mintaqani iqlim o‘zgarishiga chidamli hududga aylantirishdir.

O‘zbekiston CO₂ chiqindilarini kamaytirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini va ekologik ta’limni rivojlantirish maqsadida YuNESKO bilan "Yashil ta’lim" dasturi bo‘yicha hamkorlik qilish tarafdori.

COR-28 va boshqa uchrashuvlarda mamlakat atrof-muhit muammolarini birgalikda hal qilish va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha umumiy standartlarni yaratish uchun mintaqadagi mamlakatlarni birlashtirgan "Bir mintaqa, bir ovoz" strategiyasini taqdim etdi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Barqaror rivojlanish maqsadlariga, xususan, "yashil" energiyani rivojlantirish, chiqindilarni kamaytirish va suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish orqali erishish majburiyatini oldi. Uglevodorodlarga qaramlikni kamaytirish uchun quyosh va shamol energetikasini rivojlantirish loyihalari shular jumlasidandir.

2022 yilda Toshkentda Global yashil rivojlanish institutining (GGGI) ofisi ochildi. Bu ushbu tashkilotning MDH va Markaziy Osiyodagi birinchi vakolatxonasidir. GGGI mamlakatlarning "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish va iqlim tashabbuslari orqali barqaror iqtisodiy o‘sishga o‘tishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etilgan xalqaro tashkilot hisoblanadi.

Institutning O‘zbekistondagi faoliyatining asosiy maqsadi iqlim o‘zgarishi sharoitida mintaqaning barqaror rivojlanishi va ekologik tiklanishiga ko‘maklashishga qaratilgan. Muhim dasturlaridan biri Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan moliyalashtirilgan Orolbo‘yi hududlarida "Yashil qoplamalar" barpo etish loyihasi bo‘ldi. Ushbu loyiha Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq ekologik inqiroz oqibatlarini yengib o‘tish va Qoraqalpog‘istonda "yashil" texnologiyalar va barqaror dehqonchilik usullari orqali aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan.

Iqlim dasturi boshqa xalqaro formatlar doirasida ham faol ravishda ilgari surilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbari ShHT doirasida dekarbonizatsiya va "toza" texnologiyalarni joriy etish, "aqlli" qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va suvni tejash masalalarida muvofiqlashtirish va amaliy hamkorlikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

5-6 noyabr kunlari Bishkekda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida O‘zbekiston yetakchisi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq dolzarb ekologik muammolarga yechim topish uchun vazirlar darajasida Turkiy ekologik kengash tuzishni tezlashtirishni taklif qildi.

Bu tashabbuslarning barchasi O‘zbekistonning xalqaro ekologik sa’y-harakatlarga o‘z hissasini qo‘shish hamda mintaqa va butun sayyoramiz uchun yanada barqaror kelajakni ta’minlashga sodiqligini aks ettiradi.

O‘zbekiston Prezidentining Bokuda bo‘lib o‘tadigan tadbirda ishtirok etishi mamlakatimizning "yashil" o‘sish va rivojlanishga sodiqligini, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga tayyorligini hamda BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hadli konvensiyasi, Kioto protokoli va Parij kelishuvi maqsadlariga erishish bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni to‘liq bajarishini yana bir bor tasdiqlaydi, deya xabar beradi  "Dunyo" AA.