BMT Bosh kotibi Tojikiston va Qirg‘iziston orasidagi chegara muammosini tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirdi
Bugun BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Cho‘lpon-Ota shahrida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashdi. U Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegaradagi kelishmovchiliklarni muzokaralar yo‘li bilan hal qilishini kutmoqda.
- Qirg‘iziston tinchlik ramzi bo‘lsin. Siz tinchlik o‘rnatish uchun katta sa’y-harakatlar qilyapsiz. Men Farg‘ona vodiysida ikki marta bo‘lganman va chegaralarni hal qilish masalasi naqadar murakkab ekanini yaxshi bilaman. U yer jumboqqa o‘xshaydi. Hamma narsani tushunish va hal qilish uchun harakat qilish kerak. Tojikiston bilan chegara masalasi O‘zbekiston bilan bo‘lgani kabi diplomatik, tinch – muzokaralar yo‘li bilan hal qilinadi, deb hisoblaymiz, - dedi BMT Bosh kotibi Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentiga.
Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi davlat chegarasining uzunligi qariyb 980 kilometr. 2002 yil dekabr oyidan buyon uni delimitatsiya qilish bo‘yicha muzokaralar (davlat chegarasini uning o‘tish joyini tavsiflash va xaritada chizish bilan belgilash) davom etmoqda. Hozirgi vaqtda chegara chizig‘ining 90 foizdan ortig‘i aniqlangan va davlatlar tomonidan o‘zaro tan olingan, qolgan qismlar bahsli hisoblanadi. Ushbu muammoning hal qilinmagani ikki respublikaning mahalliy aholisi va harbiy xizmatchilari o‘rtasida, jumladan, o‘qotar qurollardan foydalanish bilan bog‘liq nizolarni bir necha bor keltirib chiqardi. Umuman olganda, 2014 yildan buyon qirg‘iz-tojik chegarasida 10 dan ortiq jiddiy mojaro sodir bo‘lgan. Qirg‘iziston Xitoy, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaradosh.
Uchrashuvda Japarov Guterrishga Sari-Joz hududidagi tog‘ cho‘qqilaridan biriga BMT nomini berish to‘g‘risidagi sertifikatni topshirdi.