Chegara masalalari muloqot yo‘li bilan hal etildi — BMT rezolyusiyasi qabul qilindi
BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonning “Chegara nizolarini tinch yo‘l bilan hal etish” rezolyusiyasini qabul qildi.
Hujjatga 40 dan ortiq mamlakat hammualliflik qilgan. Rezolyusiya Qirg‘iziston tomonidan Tojikiston va O‘zbekiston bilan hamkorlikda taqdim etilgan. Hujjatning asosiy maqsadi mintaqa davlatlarining tarixiy yutug‘ini baham ko‘rishdan iborat. Markaziy Osiyo davlatlari BMT Nizomi va xalqaro huquqqa muvofiq chegara masalasini tinch yo‘l bilan (muloqot, muzokaralar va boshqa o‘zaro kelishilgan usullar orqali) hal qildi. Rezolyusiya mamlakatlar chegara nizolariga duch kelganda, uni tinch, qonuniy va muloqotga asoslangan yo‘l bilan hal etishni nazarda tutadi.
“Markaziy Osiyo yutuqlari butun xalqaro hamjamiyat uchun konstruktiv namuna, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari modeli, mintaqa davlatlarining xalqaro tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi bo‘lib xizmat qiladi”, deyiladi rezolyusiyada.
TIVning qo‘shimcha qilishicha, rezolyusiyaning qabul qilinishi Qirg‘iziston va mintaqa mamlakatlarining o‘nlab yillar davomida yechim topmagan o‘tkir masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilish qobiliyatining yana bir tasdig‘i va e’tirofidir.
Ta’kidlash o‘rinliki, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 2022 yil 14 noyabr kuni O‘zbekiston va Qirg‘izistonning bahsli yer masalalariga aniqlik kiritgan edi. Qirg‘iziston G‘ovasoy daryosining oqimiga to‘sqinlik qilmaslik va suvini ifloslantirmaslik majburiyatini olganini qayd etgan.
Bundan tashqari, Qirg‘iziston hududida joylashgan, O‘zbekistonning eksklav hududi bo‘lgan So‘x tumani aholisining chegaradan o‘tib-qaytishida yanada yengillik yaratish bo‘yicha ikki davlat hukumatlari o‘zaro kelishuvga erishgan. Bosh vazir yangi chegara chiziqlarini belgilashda O‘zbekiston chegara chizig‘idan 130 ta xonadonni ko‘chirish nazarda tutilayotganini aytgandi.
1378 kilometrga cho‘zilgan o‘zbek—qirg‘iz chegarasining 85 foizi 2017 yilgacha talash bo‘lib kelgan va O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan bu muammo to‘liq hal qilindi. 2023 yil yanvar oyida Bishkekda Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ratifikatsiya hujjatlarini almashdi.
Shuningdek, 2025 yil 31 mart kuni Xo‘jand shahrida Shavkat Mirziyoyev, Emomali Rahmon va Sadir Japarov o‘rtasidagi oliy darajadagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ular O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston chegaralari tutashgan nuqta to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Muzokaralardan so‘ng prezidentlar masofadan turib, uch mamlakat chegaralari tutashgan hududda Do‘stlik stelasini tantanali ravishda ochib bergandi.