20 yil avval qurilgan imorat noqonuniy bo‘ladimi?

Odatda qo‘limizga murojaat tushsa, uni o‘rganishda “arz qilgan odam haqmi yoki narigi tarafmi?” degan nuqtai nazar bilan qaraymiz. Bir tarafning xatosini topamizu, arizani yopib qo‘ya qolamiz. Ammo muammo muammoligicha qolaveradi. Oqibatda “yengilgan” tomon yana yozgani yozgan. Vaholanki, shunday muammolar borki, aniq vaziyatda ikkala tomonni murosaga keltirgan bilan ham yechim topmaydi.

Men bugun tahririyatimizga kelayotgan noqonuniy qurilishlar va bino buzilishlari masalasidagi arizalarni nazarda tutyapman. Shunday bir paytlar bo‘ldiki, ayrim kimsalar hovlisi yonida bo‘sh turgan maydonlarni hech kimdan so‘ramasdan egallab olaverdi, hokimiyat, prokuratura ham jim turdi. Ziddiyat paytida barchamiz “o‘zboshimcha” fuqaroga yopishyapmiz. 

Tahririyatimizga shikoyat yo‘llagan Samarqand tumani Quyi Chordara mahallasida yashovchi Hazratqul To‘ychiyev ham 1993 yilda sobiq kolxoz rahbarlari bergan yer maydonida yillar davomida qurgan imoratini bugun mas’ul idoralar noqonuniy qurilish sifatida baholab, sud qarori bilan majburiy tarzda buzdirganligi yuzasidan murojaat qildi. Yer uchastkasi ajratilgan va o‘sha paytdagi sobiq kolxoz rahbarlari, yer o‘lchovchilar fuqaroga jami 20 sotix yer maydoni ajratilganligini bildirishgan, lekin chegaralarni o‘lchab berishmagan. Fuqaro esa oradan besh yil o‘tib, ya’ni 1998 yilda imorat qurishni boshlagan. O‘shanda birov “nima qilyapsan”, deb so‘ramagan. Vaholanki, Yer kodeksida “...Yer uchastkasining chegaralarini joyning o‘zida va xaritalarda dastlabki tarzda belgilash, ajratib berish uchun yer uchastkasi tanlangan vaqtda uni berish to‘g‘risida qaror qabul qilinguniga qadar amalga oshiriladi.

Yer uchastkasining planini va tavsifini tuzish, joyning o‘zida uning chegaralarini belgilash ishlari yer tuzish xizmati organlari tomonidan bajariladi va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tasdiqlanadi” deyilgan. O‘zbekiston Respublikasining uy-joy kodeksida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining uy-joy munosabatlarini tartibga solish sohasidagi ishtirokini belgilovchi 6-moddasida imoratlar qurish hamda hovlilar va uylar atrofidagi hududlarni saqlash qoidalariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish belgilangan. Yer Kodeksining yerlardan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organlar faoliyatiga bag‘ishlangan 84-moddasida yerlardan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish ustidan jamoatchilik nazoratini fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘z vakolatlari doirasida amalga oshirishi ko‘rsatilgan. Bu kabi masalalarning yechimi qonunchiligimizda aniq-ravshan belgilangan. Ammo imorat qurilgunga qadar tumandagi yer tuzish xizmati organlari ham, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham masalaga befarq bo‘lishgan. 

2018 yilda tuman mas’ullari imorat qurilgan joy boshi berk ko‘cha, bu hudud egallanishi mumkin emasligini bildirib, sudga da’vo arizasi kiritgan. O‘rtada esa fuqaro yillar davomida sarf qilgan mablag‘ havoga sovurildi, yaxshi niyatlar bilan qurilgan imorat bitkazilmasdan buzildi. Xo‘sh, haqiqatda qurilish noqonuniy bo‘lsa, nega tuman mas’ullari, mahalla xodimlari imorat qurilguncha jim turishgan.   

Boshi berk ko‘chani talashgan ikki nuroniyning biri yer uchastkasiga yo‘l ochishni maqsad qilgan bo‘lsa, ikkinchisi bu yer kolxoz tomonidan unga berilgani va 25 yildan buyon soliqlarni to‘lab kelayotganligini bildiradi. Qolaversa, farzandlarining ko‘p yillardan buyon xorijiy davlatlarda ishlab topgan mablag‘i havoga sovurilganidan tashvishda. Bu borada tuman hokimligi, yer resurslari va kadastr idoralari, tuman arxitektura idorasi vakillari tegishli xulosa berishdi va qonunga ko‘ra boshi berk ko‘cha ochiq qolishi lozimligini aytishmoqda. Unday bo‘lsa H.To‘ychiyev aytganidek, farzandlarining necha yildan buyon xorijda ishlab topgan mablag‘i hisobiga qurilgan uyning xarajati kimdan undiriladi, farzandlarining Vatanga qaytib yashashlari uchun uy-joy masalasiga qanday yechim topiladi?

Bu kabi holatlar, noqonuniy qurilishlar va imoratlarni buzish holatlari ko‘p kuzatilyapti. Aslida bunday holatlar yuzaga kelishi sabablarini faqat fuqarolardan emas,  sohaning o‘sha davrdagi mas’ullaridan so‘rash kerakka o‘xshaydi. Bizda fuqaro uyni qurguncha u bilan hech kimning ishi yo‘q, uy qurilgach esa qonuniy yoki noqonuniy ekanligi surishtiriladi. To‘g‘ri, qonunchilikda fuqaro uy qurish uchun arxitektura idorasidan ruxsat olishi lozim, lekin buni qancha odam biladi, uning nechtasi, ayniqsa, qishloq joylarda shu qoidaga amal qilyapti?

Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Qurilishda bunday  tushunmovchiliklar yoki o‘z manfaatini ustun qo‘yuvchilar topiladi. Uni bartaraf etish ancha vaqt, xarajat, harakat talab etadi. Ammo bundan keyin ham qonunchilikni yaxshi bilmaydigan yoki bilsa ham o‘z manfaati yo‘liga “adashadigan” fuqarolar topilmaydimi?

Bunday holatlarning davom etishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun davlat idoralari, eng avvalo, mahalliy hokimiyat, vakolatli organlar beparvo bo‘lmasligi lozim. Fuqarolar ham uy-joyga ega bo‘lish va qurilishning qonuniy mexanizmlari mavjud bo‘lganda, ongli ravishda yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish va noqonuniy qurilishlarni amalga oshirishdan o‘zlarini tiyishi lozim.

To‘g‘ri, hozir shaxsiy uy-joy qurilishi bilan bog‘liq qonunlar ancha takomillashdi. Ammo ilgarigi tizim paytidagi xatolarni tuzatishda hamon sansolarlik, o‘zini oqlashdan qutula olmayapmiz. Soha mas’ullari bu haqda jiddiy bosh qotirishlari zarur.    

O‘ktam XUDOYBERDIYEV.