Agar odam har kuni asal iste’mol qilsa nima bo‘ladi?

Asalni muntazam ravishda iste’mol qilish tanaga ko‘p foyda keltirishi mumkin, ammo har qanday narsada bo‘lgani kabi, bu yerda ham me’yor muhim. Xo‘sh, har kuni asal yegan inson tanasida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lar ekan?

Immunitet oshadi
Antioksidantlarga boy va mikroblarga qarshi kurashish xususiyatlari tufayli asal immunitet tizimini mustahkamlaydi va tanani infeksiyalar va kasalliklardan himoya qilishga yordam beradi.
Tarkibidagi S vitamini, flavonoidlar va fenol kislotalari virus va bakteriyalarga qarshi kurashadi.

Ovqat hazm qilishni yaxshilaydi
Prebiotik xususiyatlarga ega mahsulot ichaklarda foydali bakteriyalarni ko‘paytirish orqali ovqat hazm qilishni yaxshilashga yordam beradi.

Stress darajasini pasaytiradi va uyquni yaxshilaydi
Bir choy qoshiq asal tanadagi serotonin ishlab chiqarishni rag‘batlantiradi, keyinchalik bu modda uyquni tartibga solish uchun mas’ul bo‘lgan melatoninga aylanadi. Iliq sutga aralashtirib ichilgan asal uyquni yaxshilash va tashvishlarni kamaytirish uchun an’anaviy vositadir.

Yurak ishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi
Asal tarkibidagi antioksidantlar qon aylanishini yaxshilaydi, yurak va qon tomirlari uchun foydalidir. Ayniqsa, antioksidantlarga boy quyuq navlar hujayralar shikastlanishidan himoya qiladi.

Teri salomatligini qo‘llab-quvvatlaydi
Foydali namlantiruvchi va antibakterial xususiyatlari tufayli asal bilan tayyorlangan niqoblar terini namlaydi, yallig‘lanishni kamaytiradi va kichik yaralarning tezroq bitishiga yordam beradi.

Faollik va chidamlilik
Bir qoshiq asal mashq qilishda chidamlilikni oshiradi va sport faoliyatini yaxshilaydi. Tarkibidagi fruktoza va glyukoza kabi tabiiy shakarlar organizm tomonidan tez so‘riladi va energiya beradi. Bu esa asalni jismoniy faoliyatdan keyin kuchni tiklash uchun ajoyib mahsulotga aylantiradi.

Mumkin bo‘lgan xavflar
Sog‘liq uchun foydali jihatlari ko‘p bo‘lishiga qaramay, asal shakar hisoblanishi va uni ortiqcha iste’mol qilish semizlik va qondagi shakarning ko‘tarilishi kabi boshqa sog‘liq muammolariga olib kelishi mumkinligini yodda tutish kerak.
Qandli diabetga chalinganlar ushbu tabiiy mahsulotni shifokor bilan maslahatlashgan holda ehtiyotkorlik bilan iste’mol qilishlari lozim.