Kattaqo‘rg‘onda 16 yashar qiz odamlar ko‘z o‘ngida kaltaklandi: Holat yuzasidan IIB rasmiy bayonot berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda bir qiz boshqasini ayovsiz kaltaklagani aks etgan videolar tarqaldi. Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB axborot xizmati munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, voqea joriy yilning 13 dekabr kuni Kattaqo‘rg‘on tumani Payshanba shaharchasida joylashgan istirohat bog‘ida sodir bo‘lgan. Aniqlanishicha, o‘sha kuni 19 yoshli A.R. o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan 16 yashar K.U. bilan o‘zaro tortishib qolib, janjallashgan. Janjal oqibatida K.U.ga tan jarohati yetgan. Holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.

Tarqalgan videodan ko‘rish mumkinki, 16 yashar qizning kaltaklayotgan vaqtda o‘nlab odamlar shunchaki tomosha qilgan. Bu vaqtda atrofdagi «tomoshabin»lardan yordam kutgan K.U.ning so‘rovlari javobsiz qolgan.

Hatto 19 yoshli qiz vaziyatga hech kim aralashmasligini aytib, ajratmoqchi bo‘lganlarni turli so‘zlar bilan haqoratlagan va K.U.ni sochlaridan tortib sudragan.