School 21 IT maktabi 1 yoshda: Tinglovchilar nimalarni o‘rganishdi?
Samarqand shahridagi School 21 texnologiyalar maktabida tadbir tashkil etildi. Unda viloyat va shahar hokimligi vakillari, yoshlar ishlari, Raqamli texnologiyalar vazirligi hududiy boshqarmalari, TATU Samarqand filiali rahbarlari, xorijlik hamkorlar ishtirok etdi.
Tadbirda maktab jamoasi bir yil davomida erishgan yutuqlari va hamkorlik loyihalarini taqdim etdi.
- Ushbu loyiha Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda, - dedi maktabning ijrochi direktori Zarina Luxmanova. - Bu maskanda mamlakatning raqamli transformatsiyasi, IT sanoati va biznesi uchun malakali mutaxassislar tayyorlanadi. Maktab yurtimiz va qo‘shni davlatlarning 18 yoshdan oshgan barcha aholisiga IT sohasida talab yuqori bo‘lgan kasbni bepul egallash imkonini beradi. Asosiy ta’lim davomida ishtirokchilar C, C++, Java, Python, Go, SQL va Kotlin kabi tillarni o‘zlashtiradi, shuningdek, ular DevOps vositalari bilan tanishishlari, PO arxitekturasi, mobil ishlanmalar va IT sohasidagi boshqa yo‘nalishlar bilan shug‘ullanishlari mumkin.
School 2’1ga qabul uchun avvalgi bilim, ish tajribasi, dasturlash qobiliyati yoki diplomning borligi muhim emas. Sababi, loyihada ishtirok etuvchilarning 50 foizidan ortig‘i uchun bu birinchi dasturlash tajribasidir. Maktabda ta’lim murabbiylar, ma’ruzalar va baholarsiz bo‘ladi. Faqat amaliy loyihalar ustida individual yoki jamoaviy ish olib boriladigan «Tengdosh - tengdoshga» ta’lim uslubi qo‘llaniladi. Bundan tashqari, maktab kampuslari 24/7 rejimda ochiq bo‘lganligi sababli har bir ishtirokchi o‘zi uchun qulay o‘quv jadvalini tuzishi mumkin.
O‘quv jarayoni raqamli ta’lim platformasida o‘tkaziladi. Bu o‘yin mexanikasiga asoslangan texnologik mahsulot bo‘lib, maktab metodologiyasini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga hamda ta’lim dasturlarini hozirgi bozor talablaridan kelib chiqqan holda, tezda moslashtirishga imkon beradi.
Ta’lim ishtirokchining xohishiga ko‘ra, 1,5 yildan 3 yilgacha davom etadi. Bundan tashqari, 9 oylik o‘quv mashg‘ulotlaridan so‘ng har bir ishtirokchi amaliyot o‘tashi mumkin. Chunki, bu davrda ular kamida uchta zarur dasturlash tillar jamlanmasini o‘zlashtirgan va SQL hamda DevOpsni tushunadilar.
- Yarim yildan ortiq vaqtdan beri ushbu maktabda boshlang‘ich tayyorgarlik kursida o‘qiyapman, - deydi trening ishtirokchisi Jasurbek Nuriddinov. - Men uchun maktab ikkinchi uyga aylandi. Sababi, bu yerda ko‘p vaqtimni o‘tkazaman. Maktabda rivojlanish uchun barcha shart-sharoit mavjud. O‘qish uchun platforma, yotoqxona, sport bilan shug‘ullanish uchun zal bor. Meni qo‘llab-quvvatlashga, yordam berishga va motivatsiyani oshirishga tayyor bo‘lgan menejerlar, texnik mutaxassislar jamoasi bor. Bu yerda o‘qishni baholarsiz, murabbiylarsiz va belgilangan jadvallarsiz hammadan o‘rganadi. Bu vaqtni to‘g‘ri boshqarish va o‘quv jarayonini mustaqil ravishda rejalashtirish qobiliyatini talab qiladi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar maktab faoliyati bilan tanishdi.