300 ta oilaviy nodavlat bog‘cha yopildi yoxud ko‘p qavatli uylarda bolalar bog‘chasi ochish mumkinmi?
Atrofimizda oilaviy nodavlat bog‘chalar soni oshmoqda. Nega? Bolalar bog‘chasi ochish osonmi? Oilaviy bog‘chalardagi ta’lim-tarbiya sifati me’yoriy talablarga javob beradimi? Shu kabi savollar barchani birdek qiziqtiradi.
Shu va boshqa savollarga viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining maktabgacha ta’lim tashkilotlarini muvofiqlashtirish shu’basi boshlig‘i Furqat Jiyanov javob berdi.
- Samarqand shahar Qorasuv massivida oilaviy nodavlat bog‘chalar ko‘p, shuningdek, bog‘cha yoshidagi bolalar ham. Ko‘p qavatli uylarda oilaviy bog‘cha ochish mumkinmi?
- Vazirlar Mahkamasining 2022 yildagi 2 avgustda “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat xususiy-sheriklik munosabatlarini zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish tartibi belgilangan. Qorasuv massivida ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida ochilgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari ushbu qaror chiqqunga qadar ochilgan. Oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ochish uchun tadbirkor vazirlik bilan uch yillik shartnoma imzolaydi. Qarorga ko‘ra, bog‘chaning yashash xonasining maydoni har bir bola uchun uch metr kvadratdan bo‘lishi, shuningdek, o‘yin maydonchasi bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan. Qorasuvdagi ko‘p qavatli uylarda ochilgan oilaviy bog‘chalarda bolalar uchun o‘yin maydoni, yer maydoni, bissetkalar yo‘q. Ertalabki sayr yoki yozgi sog‘lomlashtirish mavsumida bolalarni toza havoda chiniqtirish uchun hech qanday sharoit mavjud emas.
- Unda nega ko‘p qavatli uylarda oilaviy nodavlat bog‘cha ochishga ruxsat berilgan?
- Sababi, ushbu hududda asosan yosh oilalar istiqomat qiladi. Massivda birinchi 50-maktabgacha ta’lim tashkiloti ochilgan vaqtida ota-onalardan ko‘plab murojaatlar keldi. O‘sha vaqtdagi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasining tashabbusi bilan vazirlikka alohida xat bilan chiqilib, Qorasuvdagi ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida oilaviy nodavlat bog‘chalar ochishga ruxsat so‘ralgandi. Massivda maktabgacha yoshdagi bolalar ko‘pligini inobatga olgan vazirlik oilaviy nodavlat bog‘chalar ochishga ruxsat bergandi. Shunda ham bir shart bilan, ya’ni ota-onalar tomonidan to‘lanadigan badal pulining 70 foizi davlat bog‘chalarining badal pulidan oshmasligi kerak. Masalan, massivdagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining badal puli 286 ming so‘m bo‘lsa, oilaviy bog‘cha bolalarining 25 nafaridan 17 nafari shuncha miqdorda badal puli to‘lashi kerak.
- Oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ochishning eng muhim talablari qanday?
- Tashabbuskor tadbirkor nodavlat-bogcha.uz platformasiga onlayn ariza beradi. Bunda tadbirkor yangi ochilayotgan bog‘chaning yashash xonalarining sig‘imiga e’tibor berishi kerak. Misol uchun, 25 o‘rinli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini ochish uchun yashash xonalari kamida 75 metr kvadrat bo‘lishi lozim. Bunda oshxona, koridor va boshqa qo‘shimcha xonalar hisobga olinmaydi. Agar 50 o‘rinli bo‘ladigan bo‘lsa, yashash xonalari 150 metr kvadrat bo‘lishi kerak. Nodavlat-bogcha.uz platformasi kadastr agentligi bilan integratsiya qilingan, shuning uchun tadbirkor ariza bergach, oilaviy bog‘cha ochish uchun belgilangan binoning kadastr hujjati ko‘rinadi va vazirlik buni tahlil qiladi.
Shuningdek, tadbirkorning arizasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga borib tushadi. Ushbu soha mutaxassislari uch kun muddatda ochilayotgan bog‘chaning sanitariya holati, joylashuvini o‘rganib, bu haqda xulosa beradi. Agar me’yor talablariga javob bermasa, ushbu tashkilotlar arizani rad etish huquqiga ega.
- Oilaviy bog‘cha tarbiyachilaridan mutaxassisligi bo‘yicha hujjat so‘raladimi?
- 2018 yildan boshlab oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etilgan bo‘lsa, shu vaqtgacha tadbirkorlar xohlagan qarindoshi yoki tanishini pedagog sifatida ishga qabul qilgan. Bir yildan beri aynan mana shu jarayon ham to‘liq avtomatlashdi, ya’ni nodavlat-bogcha.uz platformasidan tadbirkorga bitim imzolanganidan keyin, uning ma’lumotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri respublika tomonidan BBIT.uz axborot tizimiga o‘tadi va unga login-parol beriladi. Login-parol orqali tadbirkor platformaga xodimlari va bog‘cha tarbiyalanuvchilari haqidagi ma’lumotlarni kiritadi. Shuningdek, pedagog sifatida ishga qabul qilinayotgan xodimning diplomi va ilovasini platformaga yuklaydi. Keyin diplom.edu.uz orqali diplom bergan tashkilot uch kun muddat ichida uning haqiqiyligini ko‘rib chiqadi. Haqiqatda diplom o‘sha muassasa tomonidan berilgan bo‘lsa, uni tasdiqlab beradi. Diplomning haqiqiyligi tasdiqlangach, nodavlat-bogcha.uz platformasida u avtomatik ravishda ko‘rinadi. Agar xodim pedagog bo‘lmasa, tadbirkor uni pedagog sifatida ishga ololmaydi. Pedagog bo‘lmagan xodimlar oilaviy bog‘chalarda yordamchi tarbiyachi sifatida ishlashi mumkin.
- Oilaviy bog‘chalarda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari singari mashg‘ulotlar o‘tiladimi?
- Oilaviy, xususiy, davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya jarayonlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagidek bir xil. Barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida mashg‘ulotlar “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi asosida olib boriladi. Shuningdek, oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining pedagoglari uchun seminarlar tashkil qilyapmiz. 2025 yildan boshlab Toyloq pedagogika kollejida hududiy malaka oshirish markazi tashkil etyapmiz va barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglarining malakasini oshirishni rejalashtiryapmiz. Bugungi kunda oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarimizda qariyb olti mingga yaqin pedagog mehnat qilyapti.
- Oilaviy bog‘cha taomnomasini kim tuzadi?
- Nodavlat-bogcha.uz platformasi bolaga kerak bo‘ladigan bir kunlik mahsulotlarning ro‘yxati va unga sarflanadigan mablag‘ni chiqarib beradi. Oilaviy nodavlat bog‘chada xodimlarning ishga kelib-ketishini hisobga olish hamda tarbiyalanuvchilarning davomatini yuritish mobil ilova yordamida shaxsni biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasi orqali amalga oshiriladi. Oyning oxirida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan tadbirkorga oziq-ovqat pullari qoplab beriladi. Bundan tashqari, har bir oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini o‘zining hududidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga biriktirganmiz. Metodika yoki taomnoma tuzish bo‘yicha yordam kerak bo‘lsa, davlat bog‘chasiga murojaat qiladi. Ota-ona to‘laydigan badal pulidan tashqari bir bolaga bir kunga davlat tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari uchun 14 ming so‘mdan qoplab beriladi.
- Oilaviy bog‘chalar qancha bola qabul qilishi mumkin?
- 12 nafardan 50 nafargacha bola olishi mumkin. 50 nafardan ortiq bola qabul qilish mumkin emas. Bu yuqorida aytganimdek, xonaning kvadrat metriga qarab hisoblanadi.
- Oilaviy bog‘chalarga 3 yoshga to‘lmagan bolalar ham qabul qilinadimi?
- Ha, albatta. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining yuqorida keltirilgan qarorida belgilangan, ya’ni 2 yoshdan oshgan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarni oilaviy bog‘chalarga qabul qilish mumkin. Maktabgacha ta’lim tashkiloti to‘liq quvvatda ishlamayotgan bo‘lsa, masalan, 25 o‘rinli bog‘chaga 18 nafar 3 yoshga to‘lgan bola qatnayotgan bo‘lsa, qolgan quvvatga 2 yoshli bola qabul qilsa bo‘ladi. Lekin 2 yoshli bolalar uchun davlat tomonidan subsidiya to‘lab berilmaydi. Bu tadbirkor va ota-ona o‘rtasidagi kelishuv asosida amalga oshiriladi.
- Oilaviy bog‘chalarni kim nazorat qiladi?
- Nodavlat-bogcha.uz platformasida onlayn tarzida barcha ma’lumotlar, ya’ni bog‘chaga qancha bola, xodimlarning qanchasi ishga kelgani, ishdan ketgani ko‘rinadi. Bundan tashqari, maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida va uning tuman (shahar) bo‘limlarida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari bilan ishlaydigan xodimlar bor. Ular orqali ham oilaviy nodavlat bog‘chalar to‘liq nazorat qilib boriladi.
Bitim shartlariga ko‘ra, bir bolaning o‘rniga boshqa bolani rasmga olib, davomatga qo‘shib yuborilsa, birinchi holatda 3 oy muddatgacha davlat tomonidan subsidiyalar berilmaydi. Bu holat tadbirkor tomonidan yana amalga oshirilsa, u bilan tuzilgan bitim vazirlik tomonidan bekor qilinadi va qayta bitim tuzilmaydi.
- Bugun viloyatda qancha oilaviy bog‘chalar bor? Joriy yilda qancha oilaviy bog‘cha ochildi va qanchasining faoliyatiga chek qo‘yildi?
- Viloyatda bugun oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ulushi 40 foizga yaqin, ya’ni 100 mingdan ortiq maktabgacha yoshdagi bolalarni oilaviy bog‘chalar qamrab olgan. Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, viloyatda 3421 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan hozirgi kunda 300 ta oilaviy bog‘cha faoliyati to‘xtatilgan. Ba’zi holatda oilaviy nodavlat bog‘cha tadbirkor tomonidan o‘z xohishiga ko‘ra yopilgan bo‘lsa, ayrimlari bitim shartlariga rioya etmagani uchun vazirlik tomonidan to‘xtatilgan. Yil davomida 288 ta oilaviy shakldagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etildi.
- Qorasuv massivida aholi yildan yilga ko‘paymoqda. Tabiiyki, bolalar bog‘chalari aholi ehtiyojiga yetmayapti. Yaqin yillarda massivda yana davlat bog‘chalari quriladimi?
- Joriy yilda 300 o‘rinli 51-davlat maktabgacha tashkiloti foydalanishga topshirildi. Lekin ushbu bog‘cha ochilganiga atigi to‘rt oy bo‘lgan bo‘lsa, navbatida 1,5 ming bola bor. Bu albatta, massivda davlat bog‘chasiga bo‘lgan talab yuqoriligini ko‘rsatadi. Bu bo‘yicha takliflarimizni berganmiz. Keyingi yilgi dasturlarda bu taklif inobatga olinadi, degan umiddamiz. Bundan tashqari, massivda ayni paytda tadbirkor tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida bolalar bog‘chasi qurilmoqda.
Xurshida Ernazarova suhbatlashdi.