Mulohaza: qishga tayyorgarlik rostdan ham ko‘rilganmidi?

Kunlar sovimasidan “Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boshlandi” deb bong urildi, qilinayotgan ishlar ijtimoiy tarmoqlaru televideniyeda ko‘z-ko‘z qilinib, mas’ullar odatdagidek va’dalar berdi.

Biroq, sovuq tushib, yomg‘ir, qor yog‘ishi bilan yana elektr lippilab, gaz bosimi pasaydi, ayrim joylarda o‘chdi, metan "zapravka"lar ishlamadi, ishlaydiganlari ham turnaqator navbat, yo‘l kira narxlari oshdi... Xullas, keyingi yillarda qish keldi deguncha shu hol takrorlanaverib, odamlar uchun odatiy hol bo‘lib qoldi.

Masalan, bugun uydan chiqishim bilan onam aytgan gap: “Fonarga batareya olib kel, kechga svet bo‘lmaydi”. Ko‘chada haydovchilar: “Metan hali-beri ochilmaydi, endi benzin narxi oshmasin”. Ishxonada hamkasbim: “Qishloqda uyni o‘tin bilan isityapsizlarmi, shaharda tok kam, gaz bosimi past”.

Qish haqida gapirib, boyga ishonib sovuqda o‘lgan kambag‘al esimga tushib ketdi.
Sovuq kechada bir boy uyi oldida qari kambag‘alni uchratibdi va so‘rabdi: “Sovuq bo‘lyapti, issiq kiyinib olmadingizmi?”. Kambag‘al: “Menda issiq kiyimlar yo‘q, bunga allaqachon o‘rganib qolganman...” debdi. Boy “Shu yerda turing, sizga issiq kiyim olib chiqaman” debdi. Kambag‘al juda xursand bo‘lib, shu yerda kutishini aytibdi. Boy uyiga kirib o‘z ishlariga chalg‘ibdi va kambag‘alni unutibdi. Tongda esa bergan va’dasi esiga tushib, yugurib ko‘chaga chiqibdi. Afsuski, u kambag‘alni sovuqdan o‘lgan holda topibdi.
U kambag‘al odamning oldidan bir qog‘ozga yozilgan kichik xatni topibdi. Xatda shunday yozilgan edi: “Men issiq kiyimlarim yo‘q payti sovuq bilan kurashish kuchiga ega edim. Chidamli edim. Chunki bunga o‘rgangan edim. Ammo sizni va’dangizga ishonib qoldim va kurashish kuchimni yo‘qotdim! Bajara olmasangiz va’da bermang, iltimos!

Mas’ullarning qishga tayyorgarlik borasidagi yolg‘on va’dasiga o‘rganib qolganmiz. Hech bo‘lmasa, xalqqa elektr, gaz qachon yonib, qachon o‘chishi haqida oldindan xabar berishsa, odamlarning o‘zi qishga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘risharmidi.

Mavridi kelganda aytay shu yil “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali tomonidan viloyatdagi har bir tuman va shaharda OAV vakillari uchun press-tur o‘tkazilib, qishga “zo‘r” tayyorgarlik ko‘rilgani, elektrdan muammo bo‘lmasligi haqida o‘nlab qog‘oz hisobot berildi. Afsuski, ayni paytda elektr energiyasida kuzatilayotgan uzilishlarni ko‘rib turibmiz, “essiz yoz bo‘yicha qilingan shuncha press-tur va tadbirbozliklar” degim keladi.

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali mas’ullarining ishiga ham shunday baho bersa bo‘ladi. Misol uchun, yaqinda o‘zim bilgan hududda aholiga maishiy gaz ballonlar tarqatildi. Lekin aksariyat fuqarolar bir hafta o‘tmay, ballondagi gaz tugaganidan shikoyat qildi. Bu aholiga tarqatilayotgan gaz balloniga belgilangan miqdorda gaz solinmaganini ko‘rsatadi. Vaholanki, maishiy gaz ballonlari ikki oyda bir marta berilyapti. Uni ham aholi ba’zida qachon tarqatilganini yo biladi yoki yo‘q.
Viloyatdagi yoqilg‘i quyish shoxobchalari haqida umuman gapirmasa ham bo‘ladi. Bu borada viloyatdagi tegishli mas’ullar biror marta anjuman o‘tkazib, kelayotgan sovuqlarda haydovchilarni nima kutayotgani, muammolarga qarshi qanday choralar ko‘rilayotgani haqda ma’lum qilganini eslolmayman. Yil bo‘yi biror bir mas’ul yoki mutasaddi tashkilot matbuot anjumani, brifing yoki yig‘ilish qilib, jamoatchilikka ma’lumot berganini bilmaymiz.

Fazliddin Ro‘ziboyev.