Sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati Samarqanddagi sport ta’lim muassasalarining holatini o‘rgandi
Respublika bo‘ylab sport ta’lim muassasalarida o‘rganish ishlarini olib borayotgan soha rasmiylarining navbatdagi manzili Samarqand viloyati bo‘ldi.
Dastlab sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabi o‘rganildi.
Mutasaddilarga viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev hamrohlik qildi.
Tashrif davomida ushbu ob’yektning infratuzilmasi, yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar, mashg‘ulotlar jadvali atroflicha o‘rganildi. O‘quvchi-yoshlarning mashg‘uloti ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, Samarqand shahridagi 1-son sport maktabi ham e’tibordan chetda qolmadi. Shundan keyin viloyat Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi navbatdagi manzil bo‘ldi.
Viloyat hokimligi mutasaddilari, sport boshqarmasi va federatsiyalarning hududiy vakillari ishtirokidagi yig‘ilish ushbu markazda tashkil etildi. Unda mazkur markazdan yana Sharifa Davronova kabi iqtidorli yoshlarni tarbiyalash, buning uchun ommaviy sport tadbirlarini ko‘proq tashkil etish kabi ustuvor rejalar xususida fikr almashildi.
Yig‘ilish davomida 2025 yil va yaqin to‘rt yil uchun rejalar, Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik davrida terma jamoalarga jalb etilishi mumkin bo‘lgan sportchilarni aniqlash va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kabi mavzular ham ko‘rib chiqildi.