2020 yilda 19,3 million kishida saraton kasalligi aniqlangan, 2040 yilga borib bu kasallik ikki baravar ko‘payishi mumkin

4 fevral - Butunjahon saraton kasalligiga qarshi kurashish kuni

Ushbu kun global muammoga jahon hamjamiyatining e’tiborini jalb qilish maqsadida 2000 yili Xalqaro saratonga qarshi kurash ittifoqi tomonidan belgilangan.

Har yili Butunjahon saratonga qarshi kurashish kunining o‘ziga xos mavzusi bor. Kampaniyaning 2022-2024 yilgi shiori – «Saraton kasalligini davolashdagi bo‘shliqni to‘ldirish».

Xalqaro Saraton tadqiqotlari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda dunyoda 19,3 million yangi saraton kasalligi aniqlangan, 10 million kishi vafot etgan. Dunyoda eng keng tarqalgan saraton turi ko‘krak va o‘pka saratonidir. Keyinchalik yo‘g‘on ichak va to‘g‘ri ichak, prostata, teri va oshqozon saratoni turadi. Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, saraton aksariyat mamlakatlarda erta o‘limning asosiy sababi sifatida yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘tib ketadi.

Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, 2040 yilga borib saraton kasalligi deyarli ikki baravar ko‘payib, 30,2 millionga yetadi.

Bolalar onkologiyasida eng ko‘p uchraydigan o‘simta neyroblastoma bo‘lib, simpatik asab tizimining embrion neyroblastlaridan rivojlanadi.

Saratonni erta aniqlashning ikki yo‘li mavjud - erta tashxis va skrining (dastlabki bosqichda o‘simtani tizimli tashxislash).

Xullas, 50 yoshdan boshlab har bir kishi yiliga kamida bir marta onkolog ko‘rigidan o‘tishi zarur. Ayollar ginekolog, proktolog va mammologga, erkaklar o‘pka rentgenogrammasi qilib, oshqozon, yo‘g‘on ichak va prostata bezini tekshirishi kerak. Ushbu skrininglar saraton kasalligini erta aniqlashning eng yaxshi usulidir.