2021 yil uchun davlat byudjeti tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasining “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga respublika byudjetidan ajratilayotgan mablag‘lardan faqat 2021 moliya yilida foydalaniladi va kelgusi yilga o‘tkazilmaydi.

2021 yil uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hajmi 903,4 milliard so‘m miqdorida belgilandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjetining, viloyatlar viloyat byudjetlarining va Toshkent shahri shahar byudjetining, tumanlar va shaharlar byudjetlarining 2021 yil uchun zaxira jamg‘armalari tegishli byudjetlar tasdiqlangan umumiy xarajatlarining kamida 1 foizi miqdorida shakllantiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi nomidan va kafolati ostida jalb qilingan davlat qarzining summasi yalpi ichki mahsulotning yillik prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 60 foizdan oshmasligi kerak.

2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi nomidan va kafolati ostida ichki va tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan sof hajmi 5,5 milliard AQSh dollari, shundan Davlat byudjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun – 2,2 milliard AQSh dollari (shu jumladan, davlat qimmatli qog‘ozlari - 5 trillion so‘m) so‘m, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun – 3,3 milliard AQSh dollari miqdorida belgilandi.

2021 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi nomidan yoki kafolati ostida jalb qilinadigan kreditlar (qarzlar) hisobidan amalga oshiriladigan, Davlat byudjetidan qaytariladigan ijtimoiy va infratuzilma loyihalariga yo‘naltiriladigan mablag‘lar bo‘yicha xarajatlar O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti xarajatlarida aks etadi.

2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligining cheklangan miqdori yalpi ichki mahsulotning 5,4 foizi miqdorida belgilandi.