2024 yilda Samarqanddan jiyda, santexnika fitinglari, mis kabellari kabi yangi turdagi mahsulotlar eksportga chiqariladi

Bu haqda xalq deputatlari viloyat Kengashining to‘qson oltinchi sessiyasida viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Sheroz Sobirov ma’lum qildi.

- 2024 yilda 50 dan ortiq yangi korxonalar eksport faoliyatiga jalb qilinishi natijasida 10 dan ortiq yangi turdagi mahsulotlar, jumladan, sement, armatura, jiyda, santexnika fitinglari, prut va kollektorlar, mis kabellari, tovuq panjasi hamda o‘simliklarni kimyoviy himoyalash vositalari eksportga chiqarilib, ularning hajmi 20,0 mln. dollarga yetkaziladi, - dedi Sh.Sobirov. - Shuningdek, Vengriya, Xitoy, BAA va AQSh kabi davlatlarda savdo uylari tashkil etiladi va qo‘shimcha 30,0 mln. dollarlik mahsulotlar eksportga chiqariladi.

Xorijiy investitsiyalar hisobidan 2017-2023 yillarda rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari amalga oshirilgan yirik sanoat korxonalari hamda joriy yilda faoliyatini yo‘lga qo‘yadigan yangi korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarning 92 mln. dollarlik qismi eksportga yo‘naltiriladi.