2025 yil Samarqand turizmi uchun yangi davr bo‘ladi

Viloyat hokimi yaqinda aholiga murojaatida joriy yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar qatorida turizm sohasini alohida qayd etib, turizm mahalla va qishloqlari ko‘paytirilishi, sayyohlik imkoniyatlari yuqori bo‘lgan hamda infratuzilmasi mavjud 14 ta qishloq, mahallaga shunday maqom berish choralari ko‘rilishini ta’kidladi.

Shu paytgacha viloyatimizdagi Konigil, Tersak, Bog‘ibaland mahallalariga turizm qishlog‘i va turizm mahallasi maqomi berilib, ushbu hududlarda sayyohlar uchun har tomonlama qulay shart-sharoit, shunga mos infratuzilma yaratilgan, ko‘plab yangi ish o‘rinlari ochilgan.

Dastlab 2020 yilda Samarqand tumani Konigil mahallasidagi Siyob arig‘i atrofi obod qilinib, bu yerda yurtimizdagi ilk turizm qishlog‘i tashkil etilgan edi.

O‘tgan yil mazkur loyihaning ikkinchi bosqichi amalga oshirilib, Siyob arig‘i atrofi M-39 avtomobil yo‘ligacha obod qilindi, turistik ob’yektlar bunyod etildi. Ikkinchi bosqichida 22 gektar maydon qamrab olingan holda Siyob arig‘i tozalandi, atrofi obodonlashtirildi. Ariq yoqalab yo‘l ochildi, 2,5 kilometr masofada veloyo‘lak va 3,5 kilometr piyodalar yo‘lagi tashkil etildi. Hududda mahalla aholisi va tadbirkorlar tomonidan 51 ta ob’yekt, ya’ni mehmon uylari, savdo rastalari, hunarmandchilik ustaxonalari, milliy uslubdagi umumiy ovqatlanish shoxobchalari, dam olish maskanlari bunyod etildi.

O‘tgan yilgi ishlar haqida gapirganda davlatimiz rahbari tomonidan 2024 yil 6 fevralda Samarqand tumanidagi Ohalik, Oqbo‘yro va Mironqul mahallalari hududida umumiy maydoni 4656 gektar bo‘lgan turistik-rekreatsion zonasi tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligini alohida qayd etishni istardim. Tog‘li hududda joylashgan ushbu mahallalarda ham turizmni rivojlantirish uchun juda katta imkoniyatlar mavjud. Qarordan so‘ng tuman hokimligi huzurida turistik zona direksiyasi tashkil etilib, xorijiy hamkorlar bilan birgalikda mazkur loyihaning master rejasi ishlab chiqildi. Bu yerda tog‘ turizmi bo‘yicha “ziplayn”, “banji-jamping” va “zorbing” attraksionlari, kanatli park, dor yo‘llari, deltaplan va paraplan yoki havo sharida uchish kabi ekstremal turizm yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yiladi. Mehmon uylari, zamonaviy joylashtirish vositalari tashkil etiladi. Hozirda bu borada amaliy ishlar boshlangan.

2024 yilda viloyatga 2 million 523 ming nafar xorijlik va 4 million 715 ming nafar mahalliy sayyoh keldi. Ularning Samarqandda bo‘lishi 2 kundan 2,7 kunga, turizm xizmatlari eksporti 537 million AQSh dollariga yetgan.

Hozirda viloyatimizda 18 ming o‘rinli 642 ta joylashtirish vositasi, jumladan, 175 ta mehmonxona, 344 ta oilaviy mehmon uyi va 121 tasi xostel mavjud. 389 ta sayyohlik kompaniyasi, 680 nafar gid-tarjimon, 11 ta turizm axborot markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Turistik sinfga mansub 125 ta avtobus va 120 ta mikroavtobusdan samarali foydalanilmoqda. Keyingi yillarda viloyatdagi mehmonxonalar tarmog‘i zamon talablariga moslashtirilib, dunyoning TOP-50 taligiga kiruvchi “HILTON” (AQSh), “MOVENPICK” (Fransiya), “WELNESS HOTEL” (Avstriya), “MINYOUN” (Xitoy) kabi xalqaro mehmonxona brendlari jalb etildi.

Umuman, yil davomida umumiy qiymati 459 milliard so‘mlik 33 ta investitsion loyihalar ishga tushirildi va 3150 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Viloyatimizga xorijiy turistlarni ko‘proq jalb etish maqsadida o‘tgan yil Malayziya, Indoneziya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Latviya, Polsha, Fransiya, Kanada, Vengriya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Xitoy Xalq Respublikasi, Tojikiston, Qirg‘iz Respublikasida bo‘lib o‘tgan xalqaro forum va ko‘rgazmalarda ishtirok etib, Samarqandning turizm salohiyati taqdimotlari o‘tkazildi. O‘z navbatida 90 dan ortiq xorijiy mamlakatlar yirik turizm tashkilotlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun viloyatimizga info-turlar uyushtirildi.

Bu yil Samarqandga 2,55 million nafar xorijiy sayyohlarni jalb etish va turizm xizmatlari eksportini 550 million AQSh dollaridan oshirish rejalashtirilgan, shunga yarasha dastur va loyihalar tayyorlangan. Xususan, investitsiya dasturi doirasida qiymati 2 trillion 63 milliard so‘mlik 30 ta loyiha amalga oshiriladi. Loyihalarning 10 tasi (868 milliard so‘mlik) yangi mehmonxonalar tashkil etish bilan bog‘liq bo‘lsa, 15 tasi umumiy ovqatlanish va dam olish maskanlari, 3 tasi savdo va ko‘ngilochar maskanlar, 2 tasi sanatoriy va sog‘lomlashtirish markazidan iborat.

Konigil va Tersak mahallalari tajribasi asosida tumanlardagi 14 ta hududga “turizm qishlog‘i” maqomini berish rejalashtirilgan. Bu mahallalarda 309 ta mehmon uylari, xostel, kemping, o‘tov nuqtalari, 138 ta ovqatlanish maskanlari, 60 ta savdo nuqtalari, zamonaviy turistik xizmatlar (havo sharlari, paraplan, osma dor yo‘li va boshqalar) yaratiladi. Natijada 1520 ta yangi ish o‘rni yaratilib, 13,2 milliard so‘m qo‘shimcha soliq tushumi ta’minlanadi.

Misol uchun, Urgutning Chor chinor va Omonqo‘ton, Nurobodning Oqsoy va Nurbuloq mahallalarida sayyohlikning turli yo‘nalishlarini rivojlantirish imkoniyatlari bor. Hozirgi kunda bu mahallalarda 50 dan ortiq uy-mehmonxona tashkil etilgan, mavsumda 60 mingdan ortiq turist tashrif buyuradi.

Xorijlik sayyohlarni Samarqandga ko‘proq jalb etishga har bir xalqning o‘ziga xos qadriyatlari, turmush tarzidan kelib chiqib yondashilmoqda. Masalan, tog‘li hududlardagi termal buloqlar negizida Yaponiya tajribasi asosida termal turizmini jadal rivojlantirish va yaponiyalik turistlarni jalb qilishni mo‘ljallayapmiz. Xitoylik sayyohlar sonini oshirish maqsadida fevral oyida Samarqandda “Xitoy Yangi yil bayrami” tashkil etiladi, O‘zbekiston-Indoneziya turoperatorlari ishtirokida turistik forum o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, Samarqand shahrida “Navro‘z Gastro”, “Kabob festivali”, “Ipak yo‘li bozori”, Bulung‘ur tumanida “Pomidor sayli”, Kattaqo‘rg‘on tumanida “Sharq shirinliklari”, Qo‘shrabot tumanida “Qo‘shrabot navosi” kabi xalqaro festivallar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 29 noyabrdagi “Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham hududda turizmni rivojlantirish bilan bog‘liq bir qator vazifalar belgilangan.

Jumladan, viloyatdagi suv inshootlari va ular atrofidan samarali foydalanish maqsadida Urgut, Toyloq, Samarqand, Past Darg‘om tumanlari va Samarqand shahri hududidan o‘tgan Darg‘om kanali bo‘yida 35,7 kilometr masofada ko‘ngilochar savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlaridan iborat turistik marshrut tashkil etiladi.

Kanallarda ko‘p funksiyali ko‘priklar qurilib, bu ob’yektlardan xorijdagi singari savdo va ko‘ngilochar maskanlar sifatida foydalaniladi. Joriy yilda Narpay kanalining Kattaqo‘rg‘on shahri hududidan o‘tgan qismida tashabbuskor investor mablag‘lari hisobidan gastronomik ko‘prik majmuasini qurish rejalashtirilgan. Gastronomik ko‘prik tunu kun faoliyat ko‘rsatadi va unda yengil konstruksiyali savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’yektlari tashkil etiladi.

2025-2026 yillarda Urgut tumanining Chor chinor tog‘li hududida qiymati 25 million dollar bo‘lgan zamonaviy dor yo‘li va turizm majmuasi quriladi.

Bulardan tashqari, joriy yilda viloyatda turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan yana o‘nlab loyihalar, tadbirlar rejalashtirilganki, ularning barchasi Samarqandning yirik turizm markazlaridan biriga aylanishini ta’minlaydi. Misol uchun, ayni paytda yangidan bunyod etilayotgan va joriy yilda ochilishi kutilayotgan Imom Buxoriy majmuasi faoliyat boshlashi bilan Samarqandda ziyorat turizmi imkoniyatlari yana ham kengayadi. Yoki shu yilning oktyabr-noyabr oylarida ilk bor Parijdan boshqa shaharda, ya’ni Samarqandda YuNESKO Bosh assambleyasining 43-sessiyasi o‘tkazilishi ham qadimiy va hamisha navqiron kentga sayyohlar oqimini oshirishi tabiiy. Birgina ushbu sessiyada dunyoning yuzdan ortiq davlatidan 6 mingdan ko‘proq ishtirokchi kelishi kutilmoqda.

Shu va boshqa omillar 2025 yil Samarqand turizmi uchun yangi taraqqiyot davrining boshlanishi bo‘lib tarixga kirishidan dalolat berib turibdi.

Rustam Qobilov,

viloyat hokimining o‘rinbosari.