2025 yilda sog‘liqni saqlash sohasi elektron tizim orqali to‘liq nazorat qilinadi

Yaqinda Prezidentimiz huzurida sog‘liqni saqlash sohasida qilingan ishlar va 2025 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda salomatlik masalalari aholimiz hayotidagi eng muhim ustuvor masalalar ekanligini ta’kidlandi. Ushbu sohada tub islohotlarni amalga oshirish ishlari belgilandi.

Kelgusi yildan tibbiyot xodimlarining oylik lavozim maoshlari oshirilishi men kabi barcha shifokorlarni tibbiyot xodimi sifatida yanada ruhlantirdi. Ayniqsa, oilaviy shifokorlarning mehnat samaradorligi asosida ustama to‘lash tartibi joriy etilishi biz, tibbiyot xodimlariga yaxshi rag‘bat bo‘ladi.

Shuningdek, Samarqandda ham davlat tibbiy sug‘urtasi amaliyotlari joriy etilishi va markazlashgan laboratoriya xizmatlari kengaytirilishi muhim qadamlardan bo‘ldi.

Aholi salomatligini saqlashga qaratilgan bunday vazifalarning mohiyatiga e’tibor qaratsak, ularning har birida aholi salomatligini saqlashda tibbiy xizmat sifatiga, tibbiyot muassasalari faoliyati samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan muammolarning yechimiga qaratilganini, tibbiy xizmatni aholiga yanada yaqinlashtirish, tibbiyot muassasalarining dori vositalari bilan va malakali shifokorlar bilan ta’minlanishini yaxshilash, millat genofondini saqlash ko‘zda tutilganini anglab olamiz. Bu vazifalarning amalga oshirilishi sog‘liqni saqlash sohasini yangi bosqichga olib chiqishga, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati va fuqarolarning tibbiy xizmatdan foydalanish qulayliklarini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, bu vazifalarning tub zamirida aholining sog‘lom va baxtli umr ko‘rish davomiyligini uzaytirish maqsadi mujassam.

Nargiza Abdullayeva,

Samarqand davlat tibbiyot universiteti 1-klinikasi bosh vrachi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.