Ona va bola salomatligi uchun eng zamonaviy sharoitlar
Samarqand shahrida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filialining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
2023 yilda Prezident qarori bilan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va hududlarda uning filiallari tashkil qilingan edi. Jumladan, Samarqandda ona va bola skriningi, reproduktiv salomatlik va yordamchi reproduktiv texnologiyalar bo‘limi ish boshladi. Ushbu bo‘limlarning faoliyati uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida investitsiya dasturi asosida 12,5 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, to‘rt kavatli bino qurildi.
-Ushbu binoda onalar salomatligi, sog‘lom farzand ko‘rishi uchun xalqaro standartlarni o‘zida mujassam etgan zamonaviy sharoitlar yaratildi, - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filiali rahbari Lola Hamroyeva. – 250 qatnovga mo‘ljallangan ayollar konsultativ maslahatxonasi, ona va bola skriningi, perinatal skrining, reproduktiv salomatlik, bo‘lajak onalar maktabi kabi bo‘limlarda faqat ayollar emas, qizlarni ham o‘z vaqtida tekshiruvdan o‘tkazish, ularda mavjud xastaliklarni davolash imkoniyati mavjud.
Shuningdek, ona va bola skriningi bo‘limida biokimyoviy perinatal skrining natijasida yuqori xavf guruhi aniqlangan homiladorlarda xromasom anomaliyalar (Daun, Edvers, Patau tyorner sindromlari) mavjudligini aniqlash uchun amniosintez amaliyoti o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Aytish kerakki, bu amaliyot viloyatda ilk bor o‘tkazilib, shu paytgacha aniqlanmagan ko‘plab nogironliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Filialda turkiyalik tibbiyot xodimlari bilan hamkorlikda EKO markaz ham tashkil etilib, uzoq yillardan beri farzand ko‘rolmayotgan oilalar uchun imkoniyat yaratildi. E’tiborli tomoni, har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qirq nafariga ushbu amaliyotni bepul o‘tkazish rejalashtirilgan.
Bino ochilish marosimida viloyat hokimining o‘rinbosari H.To‘xtayev, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori J.Rizayev, Turkiyaning Samarqanddagi Bosh konsuli Serdar Deniz so‘zga chiqib, ushbu muassasaning aholi salomatligini asrashdagi ahamiyatini e’tirof etdilar.
Gulruh Mo‘minova,
Baxtiyor Mustanov.