3d mepping shoudan 1 tonnalik palovgacha
Samarqandliklar va shahar mehmonlari uchun hunarmandlik mahsulotlari, milliy taomlar, shaharning sayyohlik maskanlari taqdimotlari, savdo ko‘rgazmalari uyushtirildi. Konsert dasturlari namoyish etildi.
Shu kuni Samarqand shahridagi barcha madaniy meros ob’yektlariga kirish bepul etib belgilandi. Registon maydonida esa mahalliy aholi va sayyohlar uchun 3D mepping shousi tashkil etildi.
– Samarqandga o‘zbek tilini o‘rganish loyihasi doirasida kelganman, – deydi germaniyalik Gerrit Pluchinski. – Har kuni tushgacha ta’lim olib, so‘ng tarixiy obidalarni ko‘zdan kechiryapman. Shaharda bunchalik ko‘p tarixiy obidalar borligi haqida eshitmagan ekanman. Bugun Butunjahon turizm kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirlardan menga eng ma’qul bo‘lgani bu milliy kuy-qo‘shiqlar bo‘ldi. Chunki bir hafta davomida endigina ana shu san’atni tinglash baxtiga muyassar bo‘ldim.
Uch kunlik mazkur festival bugun «Bibixonim» choyxonasida «Mega palov» tadbiri bilan nihoyasiga yetkaziladi. Unda «Mo‘’tabar zardo‘z» xususiy korxonasi tashabbusi bilan 1 tonnalik palov tayyorlash rejalashtirilgan.
O‘z muxbirimiz.