5 kilogramm marixuana sotmoqchi bo‘lgan 21 yoshli yigit qo‘lga olindi

9 sentyabr kuni soat 14:00da O‘rta Chirchiq tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Avangard-O‘rtasaroy” avtomobil yo‘lida 21 yoshli fuqaro ushlangan. Bu haqda IIV huzuridagi tergov departamenti xabar berdi.

Aniqlanishicha, 21 yoshli J.S. qora rangli polietilen paketga solib qadoqlangan o‘tkir hidli o‘simlikni 2 200 000 so‘mga sotmoqchi bo‘lgan. Tadbirda o‘simlik va pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Sudga oid kimyoviy ekspertizaning xulosasiga ko‘ra, fuqaro J.S.dan olingan o‘simlik tarkibida tetrogidrokannabinol aktiv giyohvandlik moddasi bo‘lgan ho‘l holatdagi, vazni 5 kilogramm 053 gramm marixuana o‘simligi ekanligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zR JKning 273-moddasi 5-qismi bilan (giyohvandlik vositalarini ko‘p miqdorda o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda sotish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov jarayonida J.S. ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.