Urgutda katta miqdordagi “opiy” giyohvandlik vositasini 7 ming dollarga sotayotgan og‘ufurushlar ushlandi

"Ko‘r ko‘rni qorong‘uda topadi", deganlaridek urgutlik "uchar"lar I.M. va S.T. og‘uning ortidan "rizq"ini terib yurganlardan ekan. DXX viloyati boshqarmasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida olib borilgan tezkor tadbirlar davomida ular - Urgut tumanida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan I.M. va 1994 yilda tug‘ilgan S.T. ning giyohvandlik vositalari kontrabandasi va noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanib kelayotganligi aniqlandi.

Ushbu shaxslar Urgut shahrida 957,82 gram miqdordagi “opiy” giyohvandlik vositasini 7 000 AQSh dollariga sotayotgan vaqtda tezkor guruh tomonidan qo‘lga olindi.

Bu hali hammasi emas. Urgut tumanida istiqomat qiluvchi 1967 yilda tug‘ilgan A.M. hamda 1987 yilda tug‘ilgan S.M. ham giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanib, Samarqand shahrida yashovchi jinoiy sheriklariga yetkazib berish bilan muntazam shug‘ullanib kelayotganligi aniqlandi. Huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida S.M.ning boshqaruvidagi “Matiz” rusumli avtomashina “Urgut-Samarqand” yo‘nalishida harakatlanib kelayotganda tezkor guruh tomonidan to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Unda A.M.ning yon cho‘ntagida 59,85 gr. “opiy” giyohvandlik vositasi topilgan.

Bundan tashqari, ularning Urgut tumanidagi yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda 489,73 gr. “opiy” va 40,72 gr. “geroin” giyohvandlik vositalari borligi aniqlangan.

Har ikkala holat protsessual tartibda rasmiylashtirilib, jami 1.5 kg. dan ortiq giyohvandlik vositalari noqonuniy muomaladan olindi. Hozirda bu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.