50 dan ziyod xorijiy kompaniya vakillari UzAuto Motors korxonasi faoliyati bilan tanishdi
Avtomobilsozlik sanoatida mahalliylashtirish darajasini oshirish, O‘zbekiston iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va investorlar bilan yaqin sheriklik aloqalarini shakllantirish maqsadida 2019 yilning 24-26 sentyabr kunlari “O‘zavtosanoat” AJ "Mahalliylashtirish forumi-2019" tadbirini tashkil qildi.
Forumda mahalliy korxonalar bilan bir qatorda Braziliya, Hindiston, Xitoy, AQSh, Fransiya, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlardan 50 dan ziyod kompaniyalar qatnashmoqda. Ular ichida Faurecia (Fransiya), Autoglass Corp (Janubiy Koreya), Yanfeng Adient (Xitoy), Spark Minda (Hindiston), Joyson Safety Systems (AQSh) va boshqa avtokomponentlar ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar ham bor.
Tarmoq korxonalarini yanada rivojlantirishdagi strategik maqsad sanoat ishlab chiqarish bilan bog‘liq barcha jarayonlarni mahalliylashtirishni chuqurlashtirishdan iborat. Shu munosabat bilan asosiy e’tibor avtokomponentlar ishlab chiqarish bo‘yicha mahalliy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan.
Forum doirasida ishtirokchilar UzAuto Motors korxonasiga tashrif buyurib, zavod faoliyati bilan tanishdi.