UzAuto Motors avtomobillarning chakana narxlari yangilangani bo‘yicha rasmiy xabarnoma
UzAuto Motors kompaniyasi narxlarni qayta ko‘rib chiqish qarori narxlar kon’yunkturasi, shuningdek, ichki va tashqi bozordagi umumiy makroiqtisodiy vaziyatning o‘zgarishi bilan bog‘liq ekanligini ma’lum qiladi.
2020 yilning 4 martiga qadar shartnoma imzolagan xaridorlar uchun barcha shartlar saqlab qolinadi.
2017 yilning sentyabr oyida so‘nggi marta avtomobil narxlari o‘zgarganidan buyon dollarning so‘mga nisbatan ayriboshlash kursi o‘sdi, xom ashyo narxlari, kommunal xizmatlar tariflari, transport xizmatlari narxlari oshdi.
Bundan tashqari, avval soliq imtiyozlariga ega bo‘lgan UzAuto Motors kompaniyasi 2019 yilning oktyabr oyidan boshlab O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq soliqlarni umumiy asoslarda, jumladan, QQS bo‘yicha to‘lashni boshladi. 2019 yilda kompaniya 2,5 trillion so‘m soliq to‘lagan bo‘lsa, joriy yil uchun esa ushbu ko‘rsatkich 4,2 trillion so‘mni tashkil qilishi kutilmoqda.
Yaqin kelajakda kompaniyaning o‘zi uchun belgilagan ustuvor yo‘nalishlardan biri bu so‘nggi vaqtda amaliyotda keng qo‘llanilayotgan iste’molchilar uchun ajratiladigan avtokredit va muddatli to‘lov tizimlarini yanada rivojlantirishdir. Ushbu yo‘nalish banklar bilan yaqin hamkorlikni ko‘zda tutadi. UzAuto Motors avtomobil kreditlarini rivojlantirishga tayyor bo‘lgan banklar bilan hamkorlik uchun doim ochiq.
Aytish joizki, 2019 yil davomida kredit dasturlari, muddatli to‘lov va boshqa maxsus takliflar natijasida iste’molchilarga 52 mingdan ortiq mashina sotildi.
O‘zbekiston avtomobil bozorini global isloh qilish doirasida sog‘lom raqobatbardosh ekotizimni yaratish maqsadida «O‘zavtosanoat» yaqin kelajakda mas’ul davlat organlari tomonidan ko‘rib chiqiladigan, O‘zbekiston bozoriga olib kiriladigan xorijiy avtomobillarga bojxona to‘lovlarini kamaytirish tashabbusi bilan chiqdi. Ichki bozorda raqobatning kuchayishi UzAuto Motors kompaniyasining boshqaruv tizimini yanada takomillashtirishga, kompaniyaning raqobatbardoshligini, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning sifati va hammabopligini oshirishga imkon beradi.
UzAuto Motors.