6 oyda 174 milliard so‘mlik avtoraqamlar sotilgan: bitimlar ichida 545 ming so‘mdan 348 million so‘mgacha sotilgan avtoraqamlar bor

2022 yilning 6 oyi yakunlariga ko‘ra, respublika Tovar-xom ashyo birjasining avtoraqam.uzex.uz savdo tizimida 174 mlrd. so‘mlik 77 mingdan ziyod avtoraqam onlayn-auksionlar orqali sotildi.

Avtoraqamlarning sotuvi son jihatdan 10 foizga, hajmi bo‘yicha 27 foizga o‘sdi.

O‘tgan davrda tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 2,2 mln. so‘mni tashkil etgan. Sotilgan avtoraqamlarning 93 foizi jismoniy shaxslar, 7 foizi yuridik shaxslar tomonidan xarid qilingan. Sotilgan avtoraqamlarning eng past bahosi 545,4 ming so‘mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 348 mln. so‘mni tashkil qilgan.

Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 29 foizi birinchi toifadagi avtoraqamlar, 22 foiz – ikkinchi, 13 foiz – uchinchi, 9 foiz – to‘rtinchi, 12 foiz – beshinchi va 15 foiz – oltinchi toifa avtoraqamlarga to‘g‘ri kelgan.

Hududlar kesimida eng ko‘p avtoraqamlar Toshkent shahri va Toshkent viloyati (45 foiz), Samarqand (8 foiz), Buxoro, Farg‘ona va Qashqadaryo (6 foizdan) viloyatlarida xarid qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avtoraqamlarni onlayn-auksionlarda sotilishidan kelib tushgan mablag‘larning 80 foizi respublika Davlat byudjetiga, 20 foizi Ichki ishlar vazirligining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va boshqa xarajatlar Maxsus jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.