75 nafar kattaqo‘rg‘onlik yosh bepul haydovchilik guvohnomasi oladigan bo‘ldi

Bu haqda “Vatanparvar” tashkiloti Kattaqo‘rg‘on tumani o‘quv sport-texnika klubida o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirida aytildi.

Unda, dastlab, jamoat tashkilotlari vakillari, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar, o‘quvchilar hamda boshqa tumanlardan taklif etilgan o‘quv sport texnika klubi xodimlari o‘z ko‘rgazmalari bilan ishtirok etdi.

- Tumanlarimiz orasida eng namunali o‘quv sport texnika klubi bo‘lgani uchun targ‘ibot tadbirini aynan shu yerda o‘tkazyapmiz, - deydi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi raisi o‘rinbosari Bunyod Qo‘shoqov. – Endi boshqa tumanlarda ham shunday ko‘rgazmali tadbir o‘tkazamiz. Chunki targ‘ibot tadbirini o‘tkazish orqali o‘quv sport texnika klublari faoliyatini kengaytirib, unga a’zolar sonini ham oshirish imkoniyati yaratiladi.

Tadbirda tuman hokimi vazifasini bajaruvchi J.Nasriddinov “Temir daftar” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalarning 75 nafar farzandini mahalliy byudjet hisobidan bepul haydovchilikka o‘qitishga roziligini bildirdi.

Husan Eltoyev.