8 nafar afv etilgan fuqarolar ishli bo‘ladi

Ramazon hayiti arafasida davlatimiz rahbari farmoni asosida 16 nafar samarqandlik yurtdoshimiz ham afv etilgandi.
Viloyat hokimligida jazoni ijro etish muassasalaridan shartli ozod etilgan va bugun oilasi bag‘rida yashayotgan, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga intilayotgan 8 nafar afv etilgan fuqarolar bilan suhbat o‘tkazildi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari D.Mamadqulov va boshqa mas’ullar to‘g‘ri yo‘ldan adashgan bu yurtdoshlarimizning bugungi hayoti, orzu-niyatlari bilan qiziqdi. Ularning oilaviy sharoiti, salomatligi va boshqa jihatlarga e’tibor qaratildi. Shu asosida mutasaddilarga zarur topshiriqlar berildi.
Jumladan, urgutlik Farrux Ergashev jazoni ijro etish muassasasida tikuvchilikni o‘rgangani, zamonaviy tikuv mashinasi olib berilsa, erkaklar ko‘ylak-shimi tikib, shu orqali o‘zini-o‘zi band qilishini aytdi. Unga tuman hokimligi tomonidan tikuv mashinasi olib beriladigan bo‘ldi.
Kattaqo‘rg‘onlik Davron Rabbimov esa tuman markazida yengil konstruksiyali tandirxona qurib berilsa, somsapazlik bilan shug‘ullanishini bildirdi. Uning ijtimoiy ahvoli, bir hovlida boshqa ko‘pchilik bo‘lib yashashi inobatga olinib, tuman hokimligi balansida turadigan uy-joylardan birini ajratish masalasi ko‘rib chiqilishi aytildi.
Suhbat davomida Kattaqo‘rg‘on tumani Chig‘atoy mahallasida yashovchi Abdumurod Sayfullayev umrining 11 yilini zulmatda, panjara ortida o‘tkazganini aytib, bu yo‘l katta xato ekanligini anglaganini afsus bilan gapirib berdi. Hozirda asalarichilik bilan shug‘ullanishni boshlaganini aytib, uy-joyini ta’mirlashda yordam so‘radi.
Boshqa yurtdoshlarimizga ham belgilangan tartibda yordam ko‘rsatilishi ma’lum qilindi.
Husan Eltoyev.