9 oyda Samarqandda ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam oluvchilar 68,3 mingga oshgan
Matbuot uyida Samarqand viloyati moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Oybek Oqbo‘tayev ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.
Brifingda Prezidentimiz tomonidan koronavirus pandemiyasining iqtisodiy tarmoqlarga salbiy ta’sirini yumshatish, aholi va tadbirkorlik sohasini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan qabul qilingan qaror va farmonlarning ijrosini ta’minlash borasida moliya bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berildi.
Pandemiya davrida fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, aholi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish hamda respublika iqtisodiyot tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning barqarorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, viloyat hokimligi tomonidan mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash hamda 2020 yilni sifatli yakunlashga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.
Viloyat moliya bosh boshqarmasi tomonidan joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida mahalliy byudjet ijrosini sifatli ta’minlash borasida qator choralar amalga oshirildi.
Shu davrda viloyat mahalliy byudjetining xarajatlar qismi 94,9 foizga ijro etilib, 2 trillion 618,9 million so‘mlik xarajatlar amalga oshirildi. Ijtimoiy-madaniy tadbirlar uchun 1 trillion 883,1 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirildi. Bu jami mahalliy byudjet xarajatlarining 72 foizini tashkil qiladi.
Jumladan, xalk ta’limi sohasiga 226,8 milliard so‘mlik, maktabgacha ta’lim sohasiga 90,9 milliard so‘mlik, sog‘liqni saqlash sohasiga 1062,9 milliard so‘mlik xarajatlar amalga oshirildi. Joriy yilning 1 oktyabr holatiga viloyatda 2 yoshgacha nafaqa oluvchi onalar soni 58,081 nafarni, 14 yoshgacha nafaqa oluvchi oilalar soni 68,209 va moddiy yordam oluvchi oilalar soni 15,014 tani tashkil qiladi. Ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam oluvchilar soni bugungi kunda 141,304 nafarni tashkil qilib, o‘zini-o‘zi boshqarish organlari orqali 425,3 milliard so‘m mablag‘ to‘lab berildi.
Yil boshida ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam oluvchilar soni 73 mingta bo‘lgan bo‘lsa, 9 oyda ular soni 68,3 mingtaga ko‘paydi yoki 206,8 foizga oshdi.