90 yoshli onaxon 60 million so‘mlik saxovat ko‘rsatdi

Samarqand tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi va koronavirusga qarshi kurash shtabi boshlig‘i Furqat Valiyev koronavirus muammolarini bartaraf etish bo‘yicha band bo‘lgan bir vaqtda ish telefoni jiringlab qoldi. 

- Labbay eshitaman! 

- Assalomu alaykum! Men Toshkent shahridan Muazzas Solihboyeva bo‘laman, - dedi u. - Yaratganga shukur, 90 yoshni qarshiladim. Muqaddas Ramazon oyida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga o‘zimning munosib hissamni qo‘shish maqsadida tuman shifoxonasida ishlovchilar uchun 60 million so‘mlik maxsus kiyim-kechak va tibbiy buyumlar oldim.

Samarqand mening yuragimdagi shahar. Rahmatli umr yo‘ldoshim Said Solihboyev ko‘p yillar Samarqand tuman partiya komitetining birinchi kotibi vazifasida mehnat qilgan. Men ko‘hna shahar va Samarqand tumanining non-tuzini ko‘p yeganman, shuning uchun mazkur tuman xalqiga ehtiromim cheksiz. Bugungi kunda Toshkent shahrida yashayotgan bo‘lsam-da, hali-haligacha Samarqandni qumsab turaman. 

Ishonchim komilki, muhtaram Yurtboshimizning bevosita hg‘amxo‘rliklari va tashabbuslari bilan koronavirus albatta bartaraf etiladi, men tuhfa etgan tibbiyot buyumlari bu kasallikning oldini olishda jonbozlik ko‘rsatayotgan shifokor-u hamshiralar uchun asqotib qolar, deb o‘ylayman.

Shu suhbatdan ko‘p o‘tmay saxovatpesha onaxon Muazzas Rahimovnaning tuhfasi tuman tibbiyot birlashmasiga yetib keldi. Beminnat muruvvat ko‘rsatgan onaxonga tibbiyot birlashmasi jamoasi minnatdorlik bildirdi. 

Zohir Hasanzoda, 

Nozim Fayziyev.