Abdulla Oripov haqida badiiy film suratga olinadi
Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi” DUK tomonidan “Abdulla Oripov” to‘liq metrajli badiiy filmi suratga olinadi.
Shoir va jamoat arbobi haqida to‘liq metrajli badiiy film yaratish g‘oyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, hozirda kinokartinaga tayyorgarlik jarayonlari boshlangan. Film ssenariy muallifi Furqat Usmonov, postanovkachi rejissyor Muzaffar Erkinov.
Ijodiy jamoa dastlab Qashqadaryo viloyati Koson tumani, Neko‘z qishlog‘iga tashrif buyurib, shoirning tahsil olgan maktabi, tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i bilan tanishdi.
Ma’lumot uchun, avvalroq Agentlik va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti buyurtmasi bilan “SPECTRE” studiyasi tomonidan “Abdulla Oripov” hujjatli filmi suratga olingan edi.