Abdulla Oripov: "Ne ellar Temurga bo‘lay deb yondosh, Qo‘liga obdasta olib yugurgan"
“Mitti yulduz”dan taralgan yog‘du XX asr oxiri va XXI boshlarida butun kuch-qudratini namoyish etdi. Shu bois o‘zbek adabiyotshunoslari Abdulla Oripov ijodiga alohida e’tibor qaratishdi.
Adabiyotshunos olim Matyoqub Qo‘shjonov ta’kidlaganidek, hayotning o‘tkir qirralari haqida o‘ylash Abdulla Oripovni falsafiy shoir darajasiga ko‘tardi. Zotan, adabiyotning, jumladan, she’riyatning qudrati ham shunda. Bedil, Navoiy singari ulug‘ siymolarning she’riyatlari ham ularda aks ettirilgan falsafiy tafakkurga bog‘liq!
Abdulla Oripov haqiqiy iste’dod egasi edi. U har bir she’ri uchun tinimsiz izlanadi. She’rlariga ma’no berish uchun xalq ichidan obraz axtaradi. Bu obrazni goho donishmand qiyofasiga kiritib, avlodlarga o‘z nasihatlarini so‘zlatadi:
Bolam, osmonlarda quyun charx urar,
Zamin tublarida izg‘ir zilzila,
O‘rtada otang va onang kun ko‘rar,
Qalblarida esa hadik, g‘ulg‘ula.
Unutma sen aslo ularning g‘amin,
Beega qolmasin toki ikkovlon,
Kurashgil, hamisha tinch bo‘lsin zamin,
Kurashgil, doimo sof bo‘lsin osmon.
Shoirning lirik qahramoni o‘z hayoti va ijtimoiy hayot saboqlaridan to‘g‘ri xulosa chiqara olgan obraz sifatida gavdalanadi. Shoir she’rni “Unutma” deb nomlaydi. U asl mohiyatni, ya’ni o‘zlikni unutmaslikni uqtiradi. O‘zlik tushunchasi ota va ona qiyofasi hamda xalq qiyofasiga kiradi. Shu bois “Kurashgil, hamisha tinch bo‘lsin zamin” deya ogohlikka da’vat etadi.
Professor Qozoqboy Yo‘ldoshev “Insonga ulkan muhabbat tuygan shoir uni komil ko‘rmoq istaydi. Odamga esa adoqsiz nuqsonu illatlar xosligi shoir ruhiyatini qiymalaydi. Obrazlarning teran xalqchil tomirlarga egaligi Abdulla Orif she’riyatini millat ruhining suvratlariga aylantirdi” deydi.
Abdulla Oripov o‘z she’rlarida Vatanni jo‘shib kuyladi. Uning manzaralari va tarixidan ilhom oldi:
Xalqimning tarixi juda ham qadim,
Hamisha oqqan u daryoday to‘lib.
Hali turfa dinlar bermasdan ta’lim,
Dunyoga tanilgan Xorazm bo‘lib.
Ko‘hna Samarqandu Buxoroyu Shosh
Mudom kimligimiz anglatib turgan.
Ne ellar Temurga bo‘lay deb yondosh,
Qo‘liga obdasta olib yugurgan.
Ko‘hna shajarani chuvatsang agar,
Uchi borib yetgay Odam Atoga.
O‘zbek unvoningdan tonma, birodar,
Tayanib kimlardir qilgan xatoga.
Xullas, Abdulla Oripov she’riyatida asl o‘zbek o‘g‘loni portreti va uning xarakteri yashaydi. U donishmand qiyofasiga kirib o‘zlikdan saboq beradi.
Abdulla Oripov chin ma’noda o‘zbekning asl surati edi. Bu suratni G‘afur G‘ulom singari adiblardan olgan va suratni yangi qiyofada gavdalantira olgan adib bo‘lib tanildi. Uning she’riyatida xalqonalik bilan bir qatorda falsafiy teranlik o‘z aksini topgan.
M.Davronova,
Samarqand davlat universiteti dotsenti.