“Temurbek yulduzi oltin qoziqdek, charaqlar buyuklar qahkashonida”

 ...Amir Temur soch oldirmoqda. Soch bahona sartarosh bilan sirlashadi, hazil-mutoyiba qiladi va shu yo‘sinda uning kechmishini bilib oladi.

Abdulla Oripov 1995 yilda yozgan “Sohibqiron” she’riy dramasida buyuk jahongir - Amir Temurning fe’l-atvorini kuchli falsafiy fikrlar asosida ochib beradi. Undagi tasvirlarning nihoyatda ta’sirchan chiqqanligi va ularda badiiylikning yuqoriligi adibning yutug‘idir. Shu jihatdan  «Sohibqiron»da dramatizm va xarakterning ro‘yobga chiqishi mantiqiy asoslar bilan yuz beradi.

Asar Amir Temur haqidagi she’r bilan boshlanadi. Bu she’r ramziy ma’noga ega. Uning leytmotivini Amir Temurdek buyuk sarkardaning obro‘-e’tibori xalqimiz tarixida katta qimmatga ega ekanligi, istiqlol tufayli yana o‘z xalqiga shon-shavkati bilan qaytganligi tashkil etadi. Bu kitobxon va tomoshabinga mustaqillikdan faxrlanish, Amir Temurday ulug‘ inson ajdodi ekanligidan g‘ururlanish tuyg‘usini uyg‘otadi.

Dramada Amir Temurning o‘quvchi bilan yuzlashishi ham o‘ziga xos. U soch oldirmoqda. Soch bahona sartarosh bilan sirlashadi, hazil-mutoyiba qiladi va shu yo‘sinda uning kechmishi o‘z tilidan hikoya qilinadi. Faqat bolaligining Kesh atrofida kechganligigina emas, uning yoshlikdan adolatga bo‘lgan mehri qilich chopish hunari bilan yo‘g‘rilib, o‘z shamshiriga «Kuch - adolatda!» deya yozilganligi, «Chingiziylar mo‘r-malaxdek bosgan bir paytda» qasoskor va erksevarlarni bir joyga to‘plab, «yalov ko‘tarib», tog‘u-tosh, dovonlarni, g‘orlarni makon tutganligi anglashilib boradi.

Sohibqironning keyingi faoliyati yoshlikdagi jo‘shqin harakatining uzviy davomi ekanligini, haqiqat va adolat oldida u hatto o‘z farzandini ham ayamaydigan insonligi namoyon bo‘ladi.

Husayn - tarixda ham, dramada ham murakkab xarakterli shaxs. Avvaliga u o‘z manfaatini o‘ylab, Amir Temur bilan hamkorlik qiladi. Sohibqironning xalq orasida shuhrati osha borganligini ko‘rgach, u qanday bo‘lmasin yo‘q qilish harakatiga tushadi. Hatto o‘zining Amir Temur bilan qarindoshlik iplarini bog‘lab turgan O‘ljoy Turkonning (Husaynning singlisi, Temurning zavjasi) halokati sababchisi ham uning ana shu noo‘rin xatti-harakati bo‘ladi. Bularning barchasi, oxir-oqibat Amir Temur tomonidan Husaynning o‘limga hukm etilishi bilan barham topadi. Bu tarixiy voqealarda dramaning barcha qahramonlari Abdulla Oripov talqinida mahorat bilan tasvirlanadi.

Amir Temur biror yurtga yurish qilar ekan, buning zamirida o‘sha yurtda tinchlik o‘rnatish, el-yurtni jaholatdan, zulmdan qutqarish maqsadi yotganligi «Sohibqiron» asarining mag‘ziga singib ketgan. U Rum qaysari ustidan g‘alaba qozongach, huzuriga kelgan elchilarni xushnud qabul qilar ekan, ularning: «A’lo hazrat, Ovruponi Boyaziddan Siz qutqardingiz. Oltin haykal munosib Sizga», kabi fikrlarini tinglagach, ularning dilida nima borligini ham, o‘z dil istagini ham to‘kib soladi. Bu detalga ham Abdulla Oripov mohirlik bilan yondashgan:

Oltin haykal. Oltin haykal.

Xushomadmi bu?

Mening qurgan shaharlarim - haykallarimdir.

Tag‘in shuni bilingki, men butparast emas

Savdo-sotiq degan gap ham bordir dunyoda,

Ne-ne xalqlar do‘stlashgaydir tijorat bois.

Samarqandga tashrif etsin karvonlaringiz.

Hindistondan Bolqongacha biror bolakay

Boshi uzra olib o‘tsa lagan marvarid,

Yillar osha ulg‘ayadi bolakay, ammo

Bir dona ham to‘kilmagay o‘sha lagandan.

Dramani o‘qir ekansiz, Abdulla Oripov Amir Temur hayotidagi xushnud damlarni ham, tushkun holatlarni ham asarga me’yori bilan singdirib yuborishga usta ekaniga iqror bo‘lasiz. Masalan, Samarqanddan kelgan chopar Xitoydan maktub kelgani xabarini yetkazadi. Amir Temur maktubni o‘qir eqan g‘azablanadi:

Bu qandayin qabohatkim, Chin hukmdori

Bizdan o‘lpon talab qilmish!

Surbet! Muttaham!..

Men dunyoning teng yarmini fath etibmanu

Kenja farzand emishman u osmon o‘g‘liga.

Tavba qildim!

Mantiq qani?

Adolat qani?

Men ularni o‘rnatgumdir Xitoy yerida…

Shunday bezovtalik bilan turgan onda chopar nabirasi Muhammad Sulton dardi og‘irlashgani haqidagi xabarni yetkazadi. Temur bunday tahlikali paytda ham o‘z qalbidagi g‘azab va mehrning qanchalik o‘rni borligini ochishga muyassar bo‘ladi:

U suyukli nabiramdir, valiahdimdir.

Alloh menga qahr hissin qancha mo‘l bersa,

Yuragimga o‘shanchalik mehr ham solmish.

Meni yengsa mehr hissi yengar olamda...

Umuman, drama Amir Temurning insonlarga xos samimiy qiyofasini ham, yovqur va shijoatli siymosini ham xarakter mantig‘idan kelib chiqib ochib bergan va shu bilan o‘ziga xos originallikka erishgan. Zero, muallif drama avvalida yozganidek:

Har qancha etsang arziydi o‘zbek,

Balqibsan bir zotning yuksak shonida.

Temurbek yulduzi oltin qoziqdek

Charaqlar buyuklar qahkashonida.

Abdurahim Soliyev,

filologiya fanlari doktori.