Amir Temur – kuch-qudratimiz timsoli

Sohibqiron Amir Temur tavalludining 688 yilligi Samarqandda ham keng nishonlanmoqda.

An’anaga ko‘ra, bugun tongda viloyat va shahar hokimligi, keng jamoatchilik vakillari Samarqand shahridagi Amir Temur maqrabasini ziyorat qilib, buyuk jahongirni yodga oldilar. Qur’on tilovat qilindi.

Azaldan Sharq va G‘arbni bog‘lovchi ko‘prik bo‘lgan Samarqandning yer yuzining sayqali, ilm-fan va madaniyat markaziga aylanishi, ulkan bunyodkorlik ishlari Amir Temur nomi bilan chambarchas bog‘liq obod. Buyuk sohibqiron bu muazzam shaharni qudratli davlatining poytaxti etib tanlab uni yana ham obod qildi, bir-biridan ko‘ram binolar qurbdi, go‘zal bog‘lar yaratdi. Bu an’ana temuriy shahzodalar davrida ham davom ettirilib, Samarqand dunyoga dovrug‘ qozondi. Bugun ham o‘z ko‘rku latofatini saqlab kelayotgan Shohi Zinda majmuasi, Amir Temur maqbarasi va masjidi, Registon ansambli, Xo‘ja Doniyor maqbarasi va yana ko‘plab obidalar sohibqiron va uning avlodlari bunyodkorlik salohiyatini namoyon etib kelmoqda.

1996 yilda shahar markazida Amir Temur haykali o‘rnatilib, maqbara va uning atrofi obod qilingach bu joy yurtdoshlarimiz va xorijlik sayyohlar eng ko‘p keladigan maskanga aylandi. Ayni chog‘da viloyatda o‘tkaziladigan muhim sanalar va bayram tadbirlari mazkur qutlug‘ joylardan boshlanadi, ulug‘ ajdodimiz xotirasiga hurmat-ehtirom ko‘rsatiladi.

Tadbir qatnashchilari, viloyat hokimligi,  huquq-tartibot idoralari, boshqarma va tashkilotlar, ta’lim muassasalari tomonidan Amir Temur haykali poyiga gullar qo‘yildi.

– Amir Temur – bizning faxr, iftixorimiz, o‘zligimizni anglash, kuch-qudratimiz timsoli, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi Shuhrat Negmatov. – Bu maskanlarga kelgan kishi ulug‘ bobomiz va boshqa ajdodlarimiz ruhini his qilib, ulardan ma’naviy madad oladi. Biz qanday bukyu zotlarning avlodlari sifatida ularga munosib bo‘lish tuyg‘usini qalbimizga singdiradi. Shu uchun yoshlarimiz buyuk jahongirni ko‘proq ziyorat qilishi, uning hayoti, davlatchilik tarixini o‘rganishi lozim.

Samarqand shahridagi oliy o‘quv yurtlari, muzeylar va boshqa muassasalarda Amir Temur tavallud kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.