«Qayerda tartib va qonun o‘rnatilgan bo‘lsa, men o‘sha yerdaman»

*9 aprel – Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan kun

Solnomachilarning yozishicha, Amir Temur turk, arab va eronliklar tarixini chuqur bilgan. Davlat ahamiyatiga molik har bir masalani hal etishda shu sohaning bilimdonlari va ulamolari bilan maslahatlashgan.

- Sohibqiron adolatli bo‘lgani uchun unga musulmonlardan tashqari nasroniylar, zardushtiylar, buddaviy va boshqa dinlarga mansub kishilar ham sadoqat bilan xizmat qilganligini Ibn Arabshoh o‘z asarida bayon etgan, - deb yozadi Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi katta o‘qituvchisi T.Mamatov. - Amir Temur davlat boshqaruvida adolat chegarasidan chiqib ketmaslik uchun yoniga iymonli ikki nafar vazir tayinlagan hamda ularga qaror qabul qilishida fikrlarini bildirish vakolatini bergan. Ulardan biri Mahmud Shahob Xurosoniy va ikkinchisi Nosiriddin Mahmud al-Aromiy edi.

Ikkala vazir doim Temur yonida bo‘lib, uning qabul qilgan qarorlari va harakatlarini nazorat qilishgan. Agar Amir Temurning qarori yoki hukmida vazirlaridan birontasi adolatsizlik alomatlarini ko‘rsa, darhol qanday adolatsizlik borligini aytishgan. Balki shuning uchun ham Amir Temur tuzgan ulkan saltanatda boshqa dinga va boshqa elatga mansub bo‘lgan xalqlar tomonidan unga qarshi isyon ko‘tarilmagan.

Amir Temur «Tuzuk»larida yozadi: «Aziz bolalarim! So‘zlarimni yaxshilab qulog‘ingizga quyib oling, mendan so‘ng mamlakatni boshqarish sizning zimmangizga tushadi. Shuning uchun men o‘rnatgan tartib-qoidalarga amal qiling, uning boshqalar tomonidan ham bajarilishini qat’iy nazorat qilib boring. Talonchi, o‘g‘ri, muttaham, sotqin va o‘zini notavon ko‘rsatib, tilanchilik qiluvchilarga qattiq turing! Ularning urchishiga yo‘l qo‘ymang! Agar shunday qilmasangiz, bor budingizdan ajralasiz. Buning o‘rniga payg‘ambar avlodlarini ardoqlang, olimlar, shoirlar va hunar ahliga homiylik qiling!».

Amir Temur o‘z saltanatini islom dini asosida boshqargan. Chunki u iymon bor joyda adolat, adolat bo‘lgan joyda qonun ustuvor bo‘lishini, qonun ustuvor bo‘lgan joyda mansabni suiiste’mol qilish uchun muhit bo‘lmasligini yaxshi bilgan. Saltanatida mansabni suiiste’mol qilish, yetimlar va nochorlarning haqini yeyish, pora olish axloqqa zid hisoblanib, jazoga loyiq, deb topilgan.

Boshqaruv tizimida amaldorlarning salohiyatiga qarab mansab berilib, mutaxassislarni tanlashda ularga keng erkinlik berilgan. Masalan, «Dinga rivoj berishda qo‘llagan birinchi tuzukim shu bo‘ldiki, sayyidlar orasidan layoqatli bittasini ahli islomga boshliq – sadr etib tayinladim. Tamom vaqflarni boshqarish va nazorat qilish uchun mutavalli tanlashni, har bir shahar va viloyatda qozi, muftiy, muhtasib tayinlashni uning o‘ziga havola qildim. U sayyidlar, ulamo, shayxlar va boshqa arboblarga suyurg‘ol belgilab, har birining vazifasini tayin qilsin», deydi.

Davlat boshqaruvining yuqori bo‘g‘inida bevosita ishtirok etadigan amaldorlarni, ayniqsa, vazirlarni mansabga tayinlashda quyidagi sifatlarga tayangan: «...Vazirlar to‘rt sifatga ega kishilardan bo‘lishlari lozim; birinchisi - asllik va toza nasllik, ikkinchisi - aql, farosatlilik, uchinchisi – sipohu raiyat ahvolidan xabardorlik, ularga nisbatan xushmuomalalik, to‘rtinchisi – sabr-chidamlik va tinchliksevarlik».

Bugungi kunda ko‘pchilik asllik va toza nasllik deganida yuqori amaldor hamda katta moddiy boylikka ega bo‘lganlarni tushunadi. Lekin u davr axloqiga asosan ota-ona avlodida nokaslar, o‘g‘rilar, xoinlar, sudxo‘rlar, laganbardorlar, firibgarlar, kazzoblar bo‘lmaganligi, iymonli, insoniy sifatlar bilan ulg‘aygan kishi nazarda tutilgan.

 «Tuzuk»da «Kamolotga erishgan vazir ulkim, davlat muomalalarini tartibga keltirib, mulkiy va moliyaviy ishlarni to‘g‘rilik bilan, asli-nasli tozaligini ko‘rsatib, ajoyib tarzda bajaradi. Olgulik joyidan olib, bergulik yerga beradi. Ruxsat etuvchi va taqiqlovchi buyruqlarida uning aslligi bilan toza naslligi ko‘rinib turadi. Hech kimga dushmanlik va jabr-zulm qilmaydi. Xoh sipohdan, xoh raiyatdan bo‘lsin, har kimning nomini yaxshi so‘zlar bilan tilga oladi. Birovdan yomonlik axtarmaydi, aytsalar eshitmaydi. Agar birovdan yomonlik ko‘rgan bo‘lsa, unga nisbatan shunday muomala qiladiki, u oxiri yomonligidan qaytadi. O‘ziga yomonlik qilgan odamga nisbatan shunday yaxshilik qiladiki, u oxiri oldiga bosh egib keladi», deb yozilgan.

Birovlarga jabr-zulm qiladigan, hasadchi, o‘ziga yoqmagan kishilarni mansabidan foydalanib yo‘qotish payiga tushgan, g‘iybatchi, ig‘vogar, axloqi past va gap tashuvchilar vazirlik lavozimiga tayinlanmagan. Chunki qora ko‘ngilli, poraxo‘r, ko‘zi och, laganbardor odam vazirlik qilsa, saltanat tez orada qulashini Amir Temur yaxshi bilgan.

Ishonch bildirilgan amaldorga to‘rt imtiyoz – ishonch, e’tibor, ixtiyor va qudrat in’om etilgan. Bundan tashqari, Sohibqiron saltanat hududining barcha nuqtalarida sodir etilayotgan huquqbuzarlik (ko‘ngilsizlik) to‘g‘risida unga vaqtida xabar yetkazib turishlari uchun tuzukda shunday belgilaydi: «...Har el va har shaharda sipoh va raiyat orasida urf-odatlarga oid janjalli ishlar haqida menga ma’lumot berib tursin, deb adolat amirini tayinladim».

Amir Temurning adolatliligi muhtoj, nochor fuqarolariga yordamida ham aks etadi. Masalan, kasb-hunar, ma’rifat aholiga saltanat korxonalaridan yumush berdirgan, dehqonlar va raiyatdan qaysi birining dehqonchilik qilishga qurbi yetmay qolgan bo‘lsa, unga dehqonchilik uchun zarur urug‘, asbob tayyorlatib berdirgan. Biror muhtojning yoki qurbi yetmaydigan fuqaroning uy-imorati buzilib, tuzatishga qurbi yetmasa, saltanat tomonidan ta’mirlanib berilgan. Bilagida kuchi bor faqir miskinlarga xohishlariga qarab ish berilgan. Sarmoyasi qo‘lidan ketib qolgan savdogarlarga o‘z sarmoyasini qaytadan tiklab olish uchun xazinadan yetarli miqdorda oltin berdirgan.

Saltanatida kuchli taftish va nazorat o‘rnatib, amaldorlarning mansabini suiiste’mol qilishiga yo‘l qo‘ymagan. Masalan, har kuni devonxonada to‘rt vazir hozir bo‘lgan hamda chegara yerlarda, zabt etilgan mamlakatlarda uch vazirdan iborat davlat hay’ati tuzilgan. Ularning zimmasiga mazkur yerlarda moliyaviy muomalalarni va keladigan daromadlarni boshqarish yuklatilgan.

Ariza va murojaatlar bo‘yicha bir kishi arzbegi etib tayinlangan. Uning zimmasiga sipoh, raiyat va arz-dod qilib keluvchilarning ahvolini, mamlakatning obod-xarobligini, muhim ishlardan qaysi biri bitgan-bitmaganligini Amir Temurga yetkazib turish yuklatilgan edi. Undan tashqari, saltanatning har bir idorasida bo‘ladigan kirim-chiqimlarni, kundalik xarajatlarni yozib borish uchun bir kotib tayinlangan.

Har bir shahar va qishloqqa kutvol tayinlangan, uning vazifasi sipohu raiyatga soqchilik qilish bo‘lgan. Savdo karvonlarining xavfsizligini ta’minlash uchun davlat hududining barcha yo‘llari nazoratga olinib, zobitlar va kuzatuvchilar belgilangan. Ular yo‘llarni qo‘riqlab, yo‘lovchilarni, savdogarlarni, musofirlarni kuzatib, mol-mulki va boshqa narsalarini manzildan-manzilga yetkazib qo‘yishgan.

«Tuzuk»da shunday deydi: «Binobarin, saltanatimning eng chekka ovulida tartib va qonun o‘rnatilgan bo‘lsa, demakki, men o‘sha yerda bordekman. Shuning uchun ham hokimiyatni qo‘lga kiritgan kunimdan shu paytga qadar, hozir mana shu satrlarni yozayotgan daqiqalargacha nimaiki qilgan bo‘lsam - barchasini qonun doirasida qildim».