Adiz Boboyev viloyat ichki ishlar boshqarmasining situatsion markazida bo‘ldi

Ushbu markaz to‘liq zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan bo‘lib, Samarqand shahrida mavjud videokuzatuv kameralarining geoinformatsion tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan.

Shuningdek, sodir etilgan jinoyatlarni ochish maqsadida profilaktik hisobda turgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritilgan.

Markazda viloyat ichki ishlar boshqarmasining tegishli sohaviy xizmatlari xodimlarining doimiy navbatchiligi yo‘lga qo‘yilgan.

Viloyat rahbariga Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Ushbu qaror ijrosi doirasida aholi gavjum joylarda kameralar o‘rnatish yuzasidan mas’ullarga ishlarni jadallashtirish hamda aniqlangan kamchilliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, Samarqand shahrida avtotransport vositalari 2-3 barobar ko‘payib ketganligi, buning natijasida yo‘llarda tirbandliklar yuzaga kelayotgani, bu esa ekologiya, yo‘lovchilar xavfsizligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani haqida to‘xtalib o‘tildi. Viloyat IIB YHXB mutasaddilari tomonidan shahar ko‘chalarida tirbandlikning oldini olish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Adiz Boboyev taqdimot bilan tanishib, tirbandlik muammosini hal qilishda eng samarali yechimlardan foydalanish zarurligini bildirdi.

Soha xodimlari “Raqamli mahalla” tizimi haqida ham ma’lumotlar berdi. “Xavfsiz shahar” va “Xavfsiz mahalla” tizimlari kabi “Raqamli mahalla” dasturi ham huquqbuzarliklarni erta aniqlash hamda sun’iy intellektning yuzni tanish, harakat trayektoriyasini belgilash va avtomatik signal berish kabi funksiyalarining ishga tushirilishi yaxshi natija berishi ta’kidlandi.