Amir Temur turkiy barlos naslidanmi yoki mo‘g‘ullardan?
Buyuk sarkarda, yirik davlat arbobi, ilm-fan va madaniyat homiysi bo‘lgan Amir Temurning hayot yo‘li tarixchi olimlar, shoir va yozuvchilarning doimiy e’tiborida bo‘lib, u haqida minglab tadqiqotlar va yuzlab badiiy asarlar bitilgan. Olti yuz yil mobaynida Amir Temurga bag‘ishlab Yevropa tillarida 500 dan ziyod, Sharq tillarida esa 900 ga yaqin yirik tarixiy asarlar yozilgani barchaga ma’lum.
Keyingi yillarida Amir Temur va temuriylar tarixi bilan bog‘liq yangidan-yangi tarixiy manbalar topilmoqda, o‘rganilmoqda. Uzoq yillar qoralangan Amir Temur shaxsiga haqqoniy baho berish uchun tadqiqotlar olib borilmoqda. Ammo bitta jihat tadqiqotchilarimiz e’tiboridan chetda qolib kelmoqda. Bu Amir Temur ajdodlari bilan bog‘liq bo‘lgan tarix.
Gap shundaki, hozirgacha Amir Temur ajdodlari shajarasi xususida ikki xil qarash mavjud. Ko‘pchilik Amir Temur va Chingizxon bitta ildizga ega deb hisoblaydi, ya’ni Amir Temur ham mo‘g‘ullardan, deb hisoblanadi. Bunga asos qilib Amir Temur maqbarasidagi Amir Temur qabrtoshiga bitilgan shajara ko‘rsatiladi. Haqiqatan ham Amir Temur maqbarasi hilxonasidagi qabrga ham va ziyoratxonadagi nefritdan ishlangan qalbaki qabrga ham bir xil, arab tilida quyidagi so‘zlar bitilgandir: “Bu qabr – sultoni a’zam, xoqoni akram, osoyishtalik va himoya yo‘llovchi, Amir Temur “ko‘ragon” ibn amir Tarag‘oy, ibn amir Barg‘ul, ibn amir Aylangir, ibn amir Ijili, ibn amir Qorajar No‘yon, ibn amir Sug‘ujijini, ibn amir Irdamchi barlos, ibn amir Kochulay, ibn amir Tumanay, so‘ngra Chingizxon ibn amir Yesukay Bahodir, ibn amir Bartan Bahodir, ibn amir Qobilxon, ibn amir Boysunqur, ibn amir Qaydu ibn amir Tumanay, ibn amir Buka, ibn amir Buzanjirnikidir... Bu sharafli zotning otasi noma’lumdir, onasi esa Alan Quvadir. Aytishlaricha, ul sharifa iffatli bo‘lib, buzuqi emasdi, ul tuynukdan nur sifatida kirib, so‘ngra komil inson sifatida namoyon bo‘lgan kishidan homilador bo‘lgan. Ul zoti oliyaning aytishlaricha, bu Abu Tolibning o‘g‘li musulmonlar hukmdori Alining o‘g‘illaridan biri ekan...”. Ammo tarixning bir qancha jihatlari borki, yuqoridagi fikrni inkor etadi.
Birinchidan, agar Amir Temur chingiziylar naslidan bo‘lganida u taxtga o‘tirganida boshqa mo‘g‘ul shahzodalari kabi Temurxon sifatida o‘tirardi. Ya’ni, ismiga “xon” qo‘shimchasi qo‘shilardi. Amir Temur turkiy barlos bo‘lgani uchun ham Temurxon emas Amir Temur sifatida hokimiyatga keldi.
Ikkinchidan, Amir Temur chingiziylardan bo‘lsa mo‘g‘ullar naslidan bo‘lgan soxta xonlarni taxtga o‘tqazib ularning nomidan davlatni boshqarishiga hojat qolmasdi. Bilamizki, O‘rta Osiyo Chingizxon tomonidan bosib olingach, bu yerda uning tartib-taomili o‘rnatildi. Vaqt o‘tib, oliy hokimiyatga faqatgina Chingizxon naslidan bo‘lgan xonzodalar da’vo qilishi mumkinligi qonuniylashtirib qo‘yildi. Omma ham buni o‘zgarmas qonun-qoida sifatida qabul qildi. Ammo chingiziy nasldan bo‘lmagan Amir Temur Chingizxon naslidan bo‘lmish Suyurg‘otmish (1370-1388) va uning o‘g‘li Mahmud (1388-1402) nomidan davlatni idora qilgan edi.
Uchinchidan, Amir Temur va uning nevarasi Mirzo Ulug‘bek Chingizxon naslidan bo‘lgan malikalarga uylanganlari uchun ham ularning ismlariga “ko‘ragon”, ya’ni “xonning kuyovi” rutbasi qo‘shilgan. Amir Temur Chingizxon naslidan bo‘lganidan “ko‘ragon” deyilmasdi.
Xo‘sh, unda qabrdagi shajara qayerdan keldi, degan savol tug‘iladi. Fikrimizcha, ushbu yozuvlar Amir Temurdan keyin hokimiyatni boshqargan uning kenja o‘g‘li Shoxruh buyrug‘i bilan temuriylarning oliy hokimiyatda qonuniy turganligini uqtirish maqsadida ana shunday ko‘rinishdan yozdirilgan. Shunday qilinsa va bunga hamma ko‘niksa, bundan keyin soxta xonga ham hojat qolmasdi-da.
Shunday ham bo‘ldi. Amir Temurdan keyin hokimiyatga kelgan tumuriylarning birontasi chingiziy soxta xon chaqirmadi. Shuningdek, tabiiyki, Amir Temur vafotidan keyin boshlanib ketgan taxt uchun kurashlar fonida bir qancha savollar o‘rtaga chiqqan, ulardan eng asosiysi taxtga davo qilayotgan katta-yu kichik temuriy shahzodalar aslida bunga haqqi bormi? Chunki, taxt uchun kurashlar temuriylar sulolasining obro‘siga salbiy ta’sir qilgan ham edi.
Fikrimizni quvvatlovchi yana bir jihat - Amir Temur hayotligida qurilgan bironta yodgorlikda yuqoridagi kabi shajara mavjud emas. Masalan, 1385 yilda Amir Temurning singlisi Shirinbeka vafot etdi va Shohi Zinda ansambliga dafn qilindi. Unga atab qurilgan maqbarada uning Tarag‘ay Bahodir qizi bo‘lganligi yoziladi, xolos.
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi fondlarida 1399-1404 yillarda Samarqandda bunyod qilingan Amir Temur jome masjidining XX asr boshlaridagi holatini tasvirlovchi hujjatlar saqlanadi. Ularga ko‘ra, jome masjididagi bosh masjidga kirish peshtoqi ustida bizgacha yetib kelmagan quyidagi mazmundagi shajarasi bitilgan: “Ushbu jome masjidining qurilishi buyuk sulton, Amir Temur “ko‘ragon” ibn amir Tarag‘oy, ibn amir Barqul, ibn amir Aylangir, ibn amir Ijili, ibn amir Qorajar No‘yon buyrug‘i bilan hijriy 806 yilda tugatildi, Alloh uning sultonligi o‘z panohida saqlasin”.
Yoki masjidga kirish peshtoqida ham masjid qurilishining boshlanishi haqida tarix bitilgan bo‘lib, unda ham Amir Temurning shajarasi tilga olinadi: “Ushbu jome masjidini qurishga buyuk sulton Amir Temur “ko‘ragon” ibn amir Tarag‘oy, ibn amir Barqul, ibn amir Aylangir, ibn amir Ijili, ibn amir Qorajar No‘yon buyruq berdi, hijriy 80 1yil, Alloh uning sultonligi o‘z panohida saqlasin”. Yozuvlarning biri Amir Temur hayotligida – hijriy 801 yilda bitilgan bo‘lsa, ikkinchisi uning vafotidan 1 yil o‘tib, 806 yilda bitilgan. Har ikkisida ham Amir Temurning shajarasi Qorajar No‘yon bilan tugallanadi.
Xulosa shuki, Amir Temur turkiy barlos naslidan bo‘lgan. Maqbaradagi qabrlar yozuvlari esa Mirzo Shoxruh buyrug‘i bilan temuriylar hokimiyatining ligitimligini ko‘rsatish maqsadida yozdirilgan.
Mahmudxon Yunusov,
Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh muhofizi.